Logo

O‘zbekistondagi davlat korxonalarining atigi 46 foizi foyda bilan ishlagan — XVJ

Bugun 12:142 daqiqa

2024-yilda O‘zbekistondagi 2148 ta davlat korxonasining atigi 982 tasi foyda bilan ishlagan. Eng katta yo‘qotishlar elektr energetikasi, uy-joy kommunal xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalarida qayd etilgan. Budjetga to‘langan dividendlarning qariyb 80 foizini esa tog‘-kon sanoati ta’minlagan.

O‘zbekistondagi davlat korxonalarining atigi 46 foizi foyda bilan ishlagan — XVJ © Foto: Наманган вилоят ҳокимлиги

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston bo‘yicha tayyorlagan Selected Issues hisobotida davlat korxonalarining moliyaviy ahvoli va ularning davlat budjeti uchun tug‘dirayotgan xavflarini baholadi.

Hisobotda keltirilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga asosan, 2024 yilda mamlakatdagi 2148 ta davlat korxonasidan 982 tasi, ya’ni 46 foizi foyda bilan ishlagan. Qolgan korxonalar zarar bilan faoliyat yuritgan, faol bo‘lmagan, tugatilish jarayonida bo‘lgan yoki moliyaviy natijalarini oshkor qilmagan.

YAIMga nisbatan eng yuqori foydani tog‘-kon sanoati ta’minlagan. Neft-gaz hamda bank-moliya sohalari keyingi o‘rinlarni egallagan. Eng katta moliyaviy yo‘qotishlar esa elektr energetikasi, uy-joy kommunal xizmatlari va suv xo‘jaligi tarmoqlarida kuzatilgan. XVJ bu holatni ushbu sohalarda aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘liq kompensatsiya to‘lanmasligi bilan izohlagan.

Daromad bir sohaga bog‘langan

Hisobotga ko‘ra, davlat korxonalari budjetga to‘lagan dividendlarning qariyb 80 foizi tog‘-kon sanoati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Neft-gaz sohasi 9,5 foizni ta’minlagan bo‘lsa, qolgan barcha tarmoqlar ulushi jami 10,5 foizni tashkil etgan.

XVJ bu ko‘rsatkich davlat aksiyador sifatida o‘z aktivlarining katta qismidan past darajada daromad olayotganini anglatishini ta’kidlagan.

Jamg‘arma, shuningdek, Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bo‘yicha auditdan o‘tgan 21 ta eng yirik davlat korxonasini ham tahlil qildi.

Ularning aktivlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 48 foiziga teng. 2024 yilda ma’lumotlari mavjud bo‘lgan 16 ta korxonaning aksari moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilagan. Bu, asosan, elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilganidan keyin energetika hamda gaz sohasidagi kompaniyalar ahvoli yaxshilangani bilan izohlangan.

Islohotlar yetarli emas


XVJ davlat korxonalari hali ham budjet subsidiyalari, davlat kafolatlari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hamda imtiyozli kreditlar kabi turli davlat ko‘magidan foydalanishini qayd etgan.

Jamg‘arma fikricha, «yumshoq budjet cheklovlari» rahbariyatning samaradorlikni oshirish va qayta tashkil etishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirmoqda.

Shuningdek, davlatning mulkdor sifatidagi vakolatlari turli idoralar o‘rtasida bo‘lingani, kuzatuv kengashlari mustaqilligi yetarli emasligi va shaffoflik mexanizmlarining to‘liq ishlamayotgani davlat korxonalari boshqaruvidagi asosiy muammolar sifatida qayd etilgan.

XVJ davlat korxonalari faoliyatini bozor tamoyillari asosida tashkil etish, ijtimoiy majburiyatlarni aniq belgilash va davlat ko‘magini bosqichma-bosqich qisqartirishni tavsiya qildi.

Teglar

Mavzuga oid