O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari tushumining o‘sishi uchinchi chorakda 2,9 foizgacha sekinlashdi
2026-yilning 9 oyida mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 15,1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ kirib kelgan. Shuningdek, ushbu davrda aholi banklarga 18,9 mlrd dollar sotib, 10,9 mlrd dollar xarid qilgan.
© Reuetrs2026-yilning yanvar-sentabr oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga 15,2 mlrd dollar miqdorida valuta mablag‘lari kelib tushgan bo‘lsa, 2 mlrd dollar mablag‘ chiqib ketdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan Ichki valuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2026-yilning dastlabki 9 oyida xalqaro pul o‘tkazmalaridan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,9 foizga o‘sgan. Solishtirish uchun, 2025 yilning shu davrida o‘sish sur’ati 2024 yilga nisbatan 23,7 foizni tashkil qilgan edi.
Tushumlar o‘sishidagi sekinlashuv ayniqsa uchinchi chorak (iyul-sentabr) kesimida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, mazkur chorakda pul o‘tkazmalari 5 mlrd 884 mln dollarni tashkil etib, 2025 yilning mos davriga (5 mlrd 716 mln dollar) nisbatan bor-yo‘g‘i 2,9 foizga o‘sgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu holatga asosan rublning dollarga nisbatan qadrsizlanishi ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, u pul o‘tkazmalari orqali yuboriladigan meva-sabzavotlar (uzum va gilos misolida) eksporti hajmida ham pasayish kuzatilganini ta’kidlab o‘tgan.
Valuta bozori: taklif o‘sishi talabdan yuqori
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan umumiy taklif o‘sish sur’ati talab o‘sish sur’atiga nisbatan yuqori bo‘ldi.
Jumladan, valutaga bo‘lgan talab 2025 yilning mos davriga nisbatan 17,9 foizga oshib, 50,4 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, taklif hajmi (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmagan holda) 25,3 foizlik o‘sish bilan 43,8 mlrd dollarga yetgan.
Shu bilan birga, yuridik shaxslarning valuta taklifi 26,7 foizga, ularning talabi esa 15,3 foizga oshgan.

Eksport tushumlari va aholining valuta sotishi
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumlari mazkur davrda 28,1 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Ushbu mablag‘ning 57,2 foizi, ya’ni 9,5 mlrd dollari ichki valuta bozorida sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga (yoki 2,4 mlrd dollarga) ko‘pdir.

Jismoniy shaxslar ham ichki bozorga qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, aholi tomonidan tijorat banklariga jami 18,9 mlrd dollar sotilgan bo‘lib, bu 2025 yilning mos davriga (15,3 mlrd dollar) nisbatan 1,2 barobarga ko‘pdir.
Milliy valuta kursi barqarorlashdi
Hisobotga ko‘ra, 2026-yilning 9-oyi davomida so‘m almashuv kursi barqaror tendensiya hosil qilgan. Yil boshidan buyon milliy valuta kursi 1 AQSH dollari uchun 11 765 – 12 320 so‘m diapazonida tebrandi. Sentyabr oyi yakunida esa rasmiy kurs 11 821 so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan so‘mning qadri 1,5 foizga oshgan.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xorijdan O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari yillik hajmini 50 mlrd dollarga yetkazish vazifasini belgiladi.
«Migrantlarimiz jo‘natayotgan 20 mlrd dollar pul o‘tkazmalarida hozir davlatning hissasi yo‘q. Ular hammasini o‘zi, bir o‘zi yurib qilyapti. Men bu ko‘rsatkichni 50 mlrd dollarga yetkazmaguncha qo‘ymayman», — dedi davlat rahbari.
Uning qayd etishicha, xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning daromadlarini oshirish nafaqat ularning oilalari farovonligini ta’minlash, balki mamlakatga xalqaro tajribaga ega malakali mutaxassislarni qaytarish imkonini ham beradi.





