
O‘zbekistonga yil boshidan beri 200 ga yaqin mamlakatlardan turistlar keldi
2025-yilning o‘n oyida O‘zbekistonga 10 millionga yaqin xorijlik sayyoh tashrif buyurib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish kuzatildi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga turizm maqsadida kelgan xalqaro mehmonlar soni 9,7 million nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,2 million nafarga ko‘p bo‘lib, turistik oqimning 50 foizga o‘sganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga 197 ta davlatdan mehmonlar tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning global sayyohlik xaritasidagi o‘rni yuqorilayotganini anglatishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga 5,2 mln nafar erkak va 4,4 mln nafardan ziyod ayol turist kelgan.
Turistlarning yosh toifalarida esa 31–55 yoshdagilar asosiy ulushni tashkil etdi — 4,8 mln nafar. Shuningdek, 56 yosh va undan katta turistlar soni 1,9 mln nafarni tashkil etdi.
Yoshlar orasidagi faollik ham yuqori. 19–30 yoshdagi 1,5 mln nafar sayyoh mamlakatga tashrif buyurgan. 18 yoshgacha bo‘lganlar esa 1,2 mln nafarni qayd etdi.





