add

O‘zbekistonlik shaxmatchilar dunyoda eng ko‘p mukofot puli olganlar o‘ntaligiga kirdi

Kecha 10:252 daqiqa

O‘zbekistonlik ikki grossmeyster joriy yil davomida 350 ming dollardan ortiq mukofot puli olgan.

O‘zbekistonlik shaxmatchilar dunyoda eng ko‘p mukofot puli olganlar o‘ntaligiga kirdi

O‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov 2025 yilda mukofot pullari bo‘yicha dunyoning eng yaxshi o‘n nafar shaxmatchisi qatoriga kirdi. Bu haqda Chess.com ma’lum qildi. Har ikki shaxmatchi yil davomida 350 ming dollardan ortiq daromad olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov 2025 yilda 16 ta yirik xalqaro turnirda ishtirok etib, jami 361 800 dollar mukofot puli ishlab topgan. Bu natija unga jahon reytingida 9-o‘rinni egallash imkonini berdi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda u taxminan 133 ming dollar daromad olgan bo‘lib, bir yil ichida uning mukofot pullari qariyb uch baravarga oshgan.

3fp2fhi3a3tb1UhYLBP17678038018470_b

Abdusattorovning mavsumdagi eng yirik yutug‘i 85 ming dollarga teng bo‘ldi. Shuningdek, u London Classic turniridagi g‘alabasi bilan ham e’tibor qozondi, bu natija uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi.

Javohir Sindarov esa 11 ta turnir yakunida 349 900 dollar mukofot puli bilan jahonda 10-o‘rinni qayd etdi. Uning yil davomidagi eng katta yutug‘i FIDE Jahon kubogida qo‘lga kiritilgan g‘alabasi bo‘lib, ushbu turnir unga 120 ming dollar daromad keltirdi va faoliyatidagi eng yirik shaxsiy muvaffaqiyatlardan biriga aylandi.

Magnus Karlsen reytingda birinchi o‘rinni egalladi, u qariyb 1,46 million dollar ishlab topdi va yil davomida mukofot pullaridan million dollardan ortiq daromad qilgan yagona shaxmatchi bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Fabiano Karuana (taxminan 890 000 dollar) va Levon Aronyan (750 000 dollardan ortiq) egalladi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning 2026 yil yanvar oyi uchun klassik reytingiga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi 100 taligidan besh nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi joy oldi: Nodirbek Abdusattorov 2751 reyting bilan 12-o‘rinda, Javohir Sindarov 21 (2726), Rustam Qosimjonov 51 (2664), Nodirbek Yakubboyev 36 (2691) va Shamsiddin Vohidov 77-o‘rinda (2644).

Teglar

Mavzuga oid