O‘zbekistonliklar Honkongga vizasiz sayohat imkoniga ega bo‘ladi

O‘zbekiston va Honkong o‘zaro vizasiz rejim bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish niyatini tasdiqlovchi verbal notalar almashdi.

O‘zbekistonliklar Honkongga vizasiz sayohat imkoniga ega bo‘ladi © TIV matbuot xizmati

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 3-iyun kuni Toshkentda Honkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuvning asosiy natijalaridan biri sifatida o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolash niyatini tasdiqlovchi verbal notalar almashildi. Baxtiyor Saidov bu tashabbus ikki hudud fuqarolari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishini va o‘zaro almashinuvlarni faollashtirishini ta’kidladi.

Vizasiz sayohat imkoni

Jon Li Kachchiu o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tomonlar har ikki hudud fuqarolariga 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beruvchi tartibni joriy etish masalasini muhokama qilganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Honkong hukumatlari kelishuvni imkoni boricha tezroq amalga oshirish uchun amaliy choralarni jadallashtiradi. Bu tashabbus turizm, ta’lim va ishbilarmonlik aloqalarining o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ayni paytda Honkong maxsus ma’muriy hududi pasporti egalari O‘zbekistonga 10 kungacha vizasiz tashrif buyurishi mumkin. O‘zbekistonning diplomatik va xizmat pasportlari egalari esa Honkongga 14 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega.

Hamkorlik uchun yangi bosqich

Hozircha O‘zbekistonning oddiy pasport egalari Honkongga safar qilish uchun viza olishi shart. Yangi kelishuv kuchga kirsa, bu talab bekor qilinishi mumkin.

Jon Li Kachchiuning ta’kidlashicha, vizasiz tartib madaniy aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil 1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ham 30 kunlik vizasiz rejim amal qilmoqda. Biroq mazkur tartib Honkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga safarlar uchun tatbiq etilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid