O‘zbekistonliklar mayda puldan ko‘ra ko‘proq yirik banknotlardan foydalanmoqda

2026 yilning dastlabki uch oyida mamlakatda naqd pul muomalasida pasayish tendensiyasi kuzatildi. Xususan, muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 2,6 trln so‘mga kamaygan.

O‘zbekistonliklar mayda puldan ko‘ra ko‘proq yirik banknotlardan foydalanmoqda © stock

2026 yil 1-aprel holatida O‘zbekistonda umumiy pul massasi 391 trl so‘mga yetdi. O‘tgan yillarga nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatda umumiy pul massasi o‘sishda davom etmoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 213 trln so‘m, 2025 yilda 282 trln so‘m bo‘lgan. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan Naqd pul muomalasi bo‘yicha sharhda ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, naqd pullar miqdori ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 trln so‘mdan 66 trln so‘mgacha oshgan.

Biroq ushbu o‘sish fonida naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi izchil kamaymoqda. Masalan, 2024 yilda 20,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 18,6 foizga, 2026 yilda esa 16,9 foizga tushgan.

Shuningdek, 2026 yilning 3 oyida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 2,6 trln so‘mga kamaygan.

Bu odamlar pulni karta orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatishni ko‘proq afzal ko‘rayotganligini anglatadi, ya’ni naqd pulga ehtiyoj nisbatan kamayib bormoqda.

1

Naqd pullar soni ham qisqardi

2026 yilning birinchi choragida muomaladan naqd pullarning qaytishi natijasida banknotlar umumiy soni 262 mln donaga kamayib, 2 mlrd 184 mln donani tashkil qildi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, banknotlar 2,45 mlrd donani tashkil etgandi.

Shu bilan birga, muomaladagi pullar tarkibida yirik nominallar ulushi ortib bormoqda. Xususan, 200 000 so‘mlik banknotlar ulushi 28,5 foizdan 30,6 foizgacha oshgan. 50 000 va 100 000 so‘mlik banknotlar ulushida esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.

2

Ma’lumot uchun, naqd pullarning banklararo harakati «Naqd pullarning elektron maydoni» platformasi orqali amalga oshirilmoqda.

Hozirda mazkur tizimning foydalanuvchilari 1009 tani tashkil etib, bir oyda o‘rtacha 14 trln so‘mlik amaliyotlar bajarilmoqda.

3

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar kartalardagi pulni kamroq naqd qilayotganligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid