O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘lovchi magistral yo‘l kapital ta’mirlanadi
30 yildan buyon ta’mirlanmayotgan O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘lovchi yo‘lni kapital ta’mirlash ishlari boshlandi.
© Фото: t.me/Press_Secretary_UzSurxondaryo viloyatida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘lovchi 178 kilometrli magistral yo‘lni kapital ta’mirlash ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi. Ushbu yo‘l 30 yildan buyon kapital ta’mir ko‘rmagani qayd etildi.
Yig‘ilishda viloyatdagi eng dolzarb muammolardan biri yo‘l va transport infratuzilmasi ekani alohida ta’kidlandi. Xalqaro savdo va tranzit salohiyatini oshirish uchun asosiy transport yo‘laklarini yangilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Boysun va Denovni bog‘lovchi yo‘l
Ikki yil avval Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 183 million dollarlik loyiha doirasida Boysun va Denovni bog‘lovchi 111 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish ishlari boshlangan. Mazkur yo‘l foydalanishga topshirilgandan so‘ng yuk tashish hajmi ikki barobarga oshishi, tashish vaqti esa 3 soatdan 1,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Temiryo‘l infratuzilmasi
Temiryo‘l sohasida ham islohotlar rejalashtirilgan. Toshkent–Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi hozirda 14 soatdan ortiq vaqtda manzilga yetib boradi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlarni olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Toshguzor–Boysun–Qumqo‘rg‘on uchastkasida tezyurar poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish uchun loyihani joriy yilda boshlash, 103 kilometrli Qumqo‘rg‘on–Quduqli temiryo‘lini elektrlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Ushbu choralar viloyatning tranzit va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





