«O‘zbektelekom» aksiyalari savdosi ikki oyga to‘xtatildi

25.02.2026 | 11:551 daqiqa

Kompaniya ustav fondini kapitallashtirib, qo‘shimcha aksiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda.

«O‘zbektelekom» aksiyalari savdosi ikki oyga to‘xtatildi

«O‘zbektelekom» aksiyalari savdosi 2026 yil 25-fevraldan boshlab vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent fond birjasi axborot xizmati ma’lum qildi. Qaror kompaniya tashabbusi bilan qabul qilingan bo‘lib, aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Birja ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya ixtiyorida qolgan daromad hisobidan ustav fondini kapitallashtirish orqali qo‘shimcha aksiyalar chiqarish rejalashtirilgan. Bu jarayon korporativ tuzilmani qayta ko‘rib chiqish va kapital bazasini mustahkamlashga qaratilgan.

Qo‘shimcha aksiyalar emissiyasi amalga oshirilishi investorlar ulushiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois savdolarni to‘xtatish orqali bozordagi noaniqlik va ehtimoliy keskin o‘zgarishlarning oldini olish ko‘zda tutilgan.

Toshkent fond birjasi rasmiy xabarida savdolar qancha muddatga to‘xtatilgani aniq ko‘rsatilmagan. Biroq «KAP DEPO» ma’lumotiga ko‘ra, aksiyalar savdosi 25-fevraldan boshlab ikki oy davomida amal qilmaydi.

Mutaxassislar fikricha, ustav fondini kapitallashtirish kompaniya moliyaviy barqarorligini oshirish va investitsiya jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin. Biroq qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishi mavjud aksiyadorlar ulushining suyultirilishi xavfini ham yuzaga keltiradi.

Bozor ishtirokchilari hozircha kompaniyadan qo‘shimcha izoh va emissiya shartlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni kutayotgani qayd etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid