P2P o‘tkazmalarida o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish funksiyasini joriy etish ixtiyoriy bo‘ladi — Markaziy bank

05.03.2026 | 13:202 daqiqa

Markaziy bank avvalroq tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali o‘tkazmalar amalga oshirilganda «o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish» bo‘yicha talablarini kiritgandi.

P2P o‘tkazmalarida o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish funksiyasini joriy etish ixtiyoriy bo‘ladi —  Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlari uchun qo‘shimcha tushuntirish berdi. Unga ko‘ra, mazkur funksiyani joriy etish yoki takomillashtirish masalasi moliyaviy tashkilotlarning ichki siyosati va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib hal etiladi.

«Mijozlar uchun raqamli xizmatlar qulayligini oshirish maqsadida, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarda P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini o‘z ichki siyosatlari va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ixtiyoriy tartibda, ya’ni yangi parametrlar bilan kengaytirib yoki taklif etilganlarini kamaytirib joriy etishlari mumkin», — deyiladi tushuntirishda.

Avvalroq Markaziy bank 2025 yil 10-dekabrdagi PF-246-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida joriy yil 17-fevraldagi №38-02/266-son xat bilan mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini joriy etish bo‘yicha topshiriq yuborgandi.

Unga ko‘ra, foydalanuvchi pul jo‘natishda quyidagi 16 ta banddan birini tanlashi kerak:

— tovarlar yoki savdo uchun to‘lov;

— ovqatlanish va taom xarajatlari;

— qarzni qaytarish;

— yordam puli;

— oilasiga yoki qarindoshlariga o‘tkazma;

— sovg‘a;

— yetkazib berish haqi;

— ijara to‘lovi;

— kommunal to‘lovlar;

— safar xarajatlari;

— ta’lim xarajatlari;

— tibbiy xarajatlar;

— xayriya;

— minnatdorchilik uchun to‘lov (choy puli);

— o‘yin-kulgi xarajatlari;

— investitsiya o‘tkazmalari.

Tranzaksiyani amalga oshirish uchun ro‘yxatda keltirilgan maqsadlardan birini tanlash majburiy hisoblanadi.

Regulyator, shuningdek, xatga qo‘shimcha ko‘rsatma sifatida moliyaviy tashkilotlar mobil ilovalarning texnik yechimlari, foydalanuvchi interfeysining qulayligi hamda platformalar arxitekturasidan kelib chiqib ushbu funksiyani rivojlantirish bo‘yicha tijorat banklari va to‘lov tashkilotlaridan taklif va mulohazalarini Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamentiga taqdim etishlarini so‘radi.

Markaziy bank bu yo‘nalishda takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgandan keyin qo‘shimcha tartibda ma’lumot berilishini bildirdi.

«Ilgari surilayotgan o‘zgarishlarning asosiy maqsadi onlayn platformalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish va naqdsiz hisob-kitoblar ko‘lamini kengaytirishdir. Bu esa tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari ilovalari foydalanuvchilari uchun yanada qulay xizmatlar  va afzalliklar shakllanishiga xizmat qiladi», — deydi Markaziy bank.

Teglar

Mavzuga oid