add

«Pitssa indeksi» yoxud Pentagon sirlarini pitssaxonalar qanday fosh qiladi?

05.01.2026 | 22:032 daqiqa

Agar Pentagon (AQSH Mudofaa vazirligi) xodimlari odatdagidan ko‘p pitssa buyurtma qila boshlashsa, demak, ular ishxonada tunab qolib, katta harbiy amaliyotni rejalashtirayotgan bo‘ladi.

«Pitssa indeksi» yoxud Pentagon sirlarini pitssaxonalar qanday fosh qiladi?

AQSH Mudofaa vazirligi qarorgohi yaqinidagi ovqatlanish maskanlarida pitssaga bo‘lgan talabning keskin ortishi xalqaro siyosatdagi yirik o‘zgarishlar va maxfiy amaliyotlarning norasmiy indikatori sifatida yana diqqat markaziga chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «pitssa indeksi» deb ataluvchi, kelajakdagi global o‘zgarishlarni oldindan ko‘rsatuvchi norasmiy ko‘rsatkich qayta muhokama qilinmoqda. 4-yanvar kuni Pentagon yaqinidagi bir nechta taomxonalarda buyurtmalar sonining g‘ayritabiiy darajada oshishi kuzatildi. Bunday ajiotaj odatda vazirlik xodimlarining ish joyida uzoq vaqt qolib ketishi va muhim strategik qarorlar qabul qilinishi bilan bog‘lanadi.

«Pentagon Pizza Report» xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Arlingtondagi «Pizzato Pizza», «Extreme Pizza» va «Papa John’s» kabi nuqtalarda mijozlar oqimi me’yordan ancha yuqorilagan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQSH Mudofaa vazirligida ish hajmi ortib, xodimlar tungi smenada qolganda, tayyor taom buyurtma qilish eng qulay yechimga aylanadi. Shu sababli, kurerlarning vazirlik binosiga qatlashi xalqaro inqirozlarning debochasi sifatida talqin etiladi.

Bu galgi faollikning oshishi Lotin Amerikasidagi shov-shuvli voqealar, xususan, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasining Karakasda qo‘lga olinishi bilan mos keldi. AQSH maxsus operatsiyasi natijasida Maduro Bruklindagi tergov izolyatoriga olib kelingan bir paytda, Pentagon yaqinidagi pitssaxonalar tarmog‘i tungi soat ikkidan to‘rtgacha tinimsiz ishlagan. Donald Tramp ushbu holatni Monro doktrinasi bilan izohlab, mintaqa AQSH manfaatlari doirasida ekanini ta’kidladi.

Bu indeks ilk bor 1990 yillar boshida, Fors ko‘rfazidagi urush (Sahrodagi bo‘ron amaliyoti) oldidan mashhur bo‘lgan. O‘shanda Pentagon yaqinidagi pitsseriyalar egalari buyurtmalar soni 10 barobargacha ortganini payqashgan. Xuddi shunday holat Panamaga bostirib kirish va boshqa yirik harbiy amaliyotlar oldidan ham kuzatilgan.

Ilgari bu indeksni faqat pitsseriya egalari bilsa, hozir Google Mapsdagi «Popular Times» (mashhur vaqtlar) funksiyasi orqali har qanday odam dunyoning istalgan nuqtasidan turib Pentagon atrofidagi restoranlar nechog‘lik band ekanini ko‘ra oladi. "Pentagon Pizza Report" kabi akkauntlar aynan mana shu ochiq ma’lumotlarni monitoring qilib boradi.

Teglar

Mavzuga oid