«Poker» mashg‘ulotlari: Yevropa yadro soyabonini ochmoqda
Fransiya va Germaniya Yevropaning yadroviy xavfsizlik tizimi bo‘yicha amaliy qadamlarga o‘tmoqda. Ilk qo‘shma mashg‘ulotlar kuzda boshlanishi mumkin.

Fransiya va Germaniya Yevropa xavfsizligi uchun yangi yadroviy hamkorlik mexanizmini shakllantirish yo‘lida navbatdagi qadamni tashlamoqda.
«Der Spiegel» jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat shu yil kuzda yadroviy tiyib turish sohasidagi ilk qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Nashrning yozishicha, Germaniya kansleri Fridrix Mersning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gyunter Zautter muzokaralarning birinchi bosqichini o‘tkazish uchun Parijga tashrif buyurgan.
Unda Fransiya va Germaniyadan tashqari Yevropa yadroviy hamkorligi loyihasiga qiziqish bildirgan boshqa davlatlar vakillari ham ishtirok etgan.
Ilk mashg‘ulotlar
Ma’lumotlarga ko‘ra, Parij va Berlin ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Unga muvofiq, Germaniya Qurolli kuchlari — Bundesver Fransiyaning yadroviy mashg‘ulotlarida ishtirok etish va mamlakatning ayrim yadroviy obyektlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«Poker» deb nomlangan dastlabki mashg‘ulotlarni sentabr oyida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Birinchi bosqichda Germaniyaning kuzatuvchi sifatidagi roli ko‘rib chiqilmoqda. Biroq keyinchalik Bundesver bevosita yadro quroliga aloqador bo‘lmagan, masalan, qiruvchi samolyotlarni kuzatib borish yoki havoda yonilg‘i quyish kabi vazifalarda yordam ko‘rsatishi mumkin.
Makronning tashabbusi
Mazkur jarayon Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Yevropa xavfsizligi bo‘yicha so‘nggi tashabbuslari fonida kechmoqda.
Makron mart oyida Fransiya yadroviy arsenalini kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishini hamda Yevropadagi ittifoqchi davlatlarda fransuz yadroviy tiyib turish tizimi elementlarini joylashtirishga tayyorligini bildirgan edi.
Uning ma’lum qilishicha, Yevropa davlatlaridan sakkiztasi mazkur tashabbusga qiziqish bildirgan.
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Yevropa yadro soyaboni AQSHning mavjud yadroviy qalqonini almashtirmasligi, balki uni to‘ldirishi kerakligini ta’kidlagan.





