Pokiston Afg‘onistondagi «Bagram» aviabazasiga havo zarbasi berdi

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, bazaning shimoliy qismida kamida bitta samolyot angari va ikkita yirik omborxona vayron qilingan.

Pokiston Afg‘onistondagi «Bagram» aviabazasiga havo zarbasi berdi

Pokiston kuchlari Afg‘onistondagi «Bagram» aviabazasiga havodan zarba berdi. Bu haqda «The New York Times» nashri sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va rasmiy manbalarga tayanib xabar qildi. Zarba natijasida bazaning ayrim infratuzilmalari vayron bo‘lgani aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hujum bazadagi harbiy texnika va omborxonalarni nishonga olgan. Islomobod bu orqali Afg‘oniston hududida faoliyat yuritayotgan «Tahriki Tolibon Pokiston» jangarilariga ko‘rsatilayotgan yordamni cheklashni ko‘zlagan. Pokiston mazkur tuzilmani o‘z xavfsizligiga tahdid deb baholaydi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, bazaning shimoliy qismida kamida bitta samolyot angari va ikkita yirik omborxona vayron qilingan. Hujum yakshanba kuni soat 06:00 atrofida sodir bo‘lgan. Mahalliy aholi ikki marta kuchli portlash ovozi va qiruvchi samolyotlar tovushini eshitganini bildirgan.

«Bagram» bazasi

AQSH 2021 yilda Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqqanidan so‘ng Bagram bazasi «Tolibon» nazoratiga o‘tgan edi. AQSH prezidenti Donald Tramp bazani qayta qo‘lga kiritish tarafdori ekanini bir necha bor aytgan. Afg‘oniston rasmiylari esa obyekt boshqaruvini topshirmasligini ta’kidlagan.

«Bagram» Kobuldan taxminan 40 kilometr shimolda joylashgan bo‘lib, 20 yil davomida AQSHning mamlakatdagi eng yirik harbiy bazasi vazifasini o‘tagan. Har yili avgust oyida bu yerda «Tolibon» tomonidan harbiy parad va qurol-aslaha namoyishi o‘tkazib kelinadi.

So‘nggi bir hafta ichida Pokiston Afg‘oniston hududiga 50 dan ortiq aviahujum amalga oshirgani qayd etilmoqda. Afg‘oniston hukumati ayrim hujumlar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar borligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid