add

Pokistonda «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishi taklif etildi

Bugun 16:161402 daqiqa

Islomobod shahrida «Yangi O‘zbekiston» nomi bilan atalishi mumkin bo‘lgan yangi massiv va bog‘ barpo etish tashabbusi muhokama qilindi.

Pokistonda «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishi taklif etildi

Pokiston poytaxti Islomobodda «Yangi O‘zbekiston» massivi va bog‘ini barpo etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi. Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Habib Rafiq Pvt. Ltd kompaniyasi bosh menejeri Aslam Malik bilan uchrashib, qurilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda Aslam Malik O‘zbekistonda olib borilayotgan shaharsozlik islohotlarini yuqori baholab, infratuzilma yangilanishi, yangi shaharlar barpo etilishi va aholini qulay uy-joy bilan ta’minlash borasida to‘plangan tajribaga qiziqish bildirdi. U Pokistondagi loyihalarda o‘zbek kompaniyalarining ishtirokini ta’minlash va ikki mamlakat o‘rtasida qurilish sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Pokiston tomoni Islomobod yaqinidagi 2,8 ming gektarlik Capital Smart City mega-loyihasi bilan tanishtirib, mazkur hududda turli turdagi turar-joylar, ta’lim muassasalari, sport inshootlari va ko‘ngilochar bog‘lar barpo etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSHdagi Silikon vodiysiga o‘xshash Silicon Village texnologik shaharchasi qurilishi davom etayotgani qayd etildi.

Aslam Malik Capital Smart City hududida «Yangi O‘zbekiston» massivi va bog‘ini barpo etish, shuningdek, O‘zbekistondagi yirik loyihalarda ishtirok etish bo‘yicha qator takliflar bildirdi. Uning fikricha, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik katta imkoniyatlar ochadi. Texnologik shaharcha rahbari Abid Kabir Chima esa O‘zbekistondagi texnoparklar bilan aloqalarni kuchaytirishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, kompaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga ishchi safari va tegishli idoralar bilan muzokaralar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.

Teglar

Mavzuga oid