add

Polshada kommunistik partiya faoliyati rasman taqiqlandi

Kecha 09:451561 daqiqa

Polsha Konstitutsiyaviy tribunali Kommunistik partiyani konstitutsiyaga xilof deb topib, darhol reyestrdan chiqarishga qaror qildi. Bu partiyaning rasmiy tugatilishini anglatadi.

Polshada kommunistik partiya faoliyati rasman taqiqlandi

Polshada 20 yildan ortiq faoliyat yuritgan kommunistik partiya mamlakat siyosiy sahnasidan rasman yo‘qoldi. Konstitutsiyaviy tribunal partiya dasturi va ideologiyasi Polsha konstitutsiyasiga zid ekanini qayd etib, uning faoliyatini to‘liq taqiqlash haqidagi qarorni e’lon qildi.

RMF24 nashri tarqatgan маълумотларга ko‘ra, sud partiyani rasmiy siyosiy tashkilotlar reyestrdan darhol chiqarishni buyurgan. Bu esa uning huquqiy jihatdan mavjudligini tugatish va tashkilotni likvidatsiya qilishni anglatadi.

Qarorni e’lon qilar ekan, sudyalar kommunistik tuzumning jinoyatlari, millionlab qurbonlar va tarixiy repressiyalar kontekstida bunday partiyaning demokratik huquqiy tuzumda mavjud bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi. Tribunal «Kommunistik rejim jinoyatlarini ulug‘laydigan partiya Polsha qonunchiligida o‘ringa ega emas», — deya bayonot berdi.

Bu qaror ko‘p yillik huquqiy jarayonning yakuniy nuqtasi hisoblanadi. Kommunistik partiyani tugatish masalasi ilk bor 2020 yilda Bosh prokuror darajasida ko‘tarilgan. Joriy yil noyabr oyida Polsha prezidenti Karol Navrotskiy sudga takroriy rasmiy murojaat kiritganidan keyin ish yana faollashgan.

Kommunistik partiya 2002 yilda tuzilgan bo‘lib, uning a’zolari soni turli manbalarga ko‘ra bir necha yuz nafardan ming nafargacha bo‘lgan. Partiya siyosiy vazni juda kam bo‘lsa-da, ideologik pozitsiyasi tufayli yillar davomida jamoatchilik e’tiborini tortib kelardi.

Teglar

Mavzuga oid