
Portugaliya, Kolumbiya va FIFA pley-offi g‘olibi: O‘zbekistonning JCH-2026dagi raqiblari
AQSH poytaxti Vashington shahridagi Jon Kennedi nomidagi amaliy san’at markazida JCH-2026 guruh bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ilk marta 48 milliy jamoa ishtirok etadigan va ilk marta bir yo‘la uch davlatda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati qur’a tashlash marosimini O‘zbekiston futbol muxlislari o‘zgacha qiziqish bilan kutishdi.
Chunki «oq bo‘rilar» laqabli futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk marta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan edi.
Marosimda AQSH prezidenti Donald Tramp va birinchi xonim Melaniya Tramp, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum hamda Kanada bosh vaziri Mark Karni ham ishtirok etdi.
FIFA prezidenti Janni Infantino millionlab futbol muxlislari nomidan AQSH prezidenti Donald Trampga «FIFA tinchlik mukofoti»ni topshirdi.
Tantanali rasmiy qismdan so‘ng qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Bungacha jamoalar 12 tadan 4 ta savatchaga bo‘lingan va FIFA reytingiga ko‘ra O‘zbekiston milliy jamoasi 3-savatchadan o‘rin olgan edi. JCH 2026 yil 11-iyundan 19-iyulga qadar bo‘lib o‘tadi va chempionni aniqlash uchun jami 109 ta o‘yin o‘tkaziladi.
Qur’a tashlash yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi «K» guruhida 2-joyidan o‘rin oldi va uning raqiblari Portugaliya, Kolumbiya va FIFA qit’alararo 1-pley off g‘olibi bo‘ldi. Bu pley offda Yangi Kaledoniya va Yamayka avval uchrashadi, uchrashuv g‘olibi Kongo Demokratik Respublikasi bilan to‘qnashadi. G‘olib JCH-2026 ga, bizning guruhimizga yo‘l oladi.
O‘zbekiston terma jamoasining guruhida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar:
1-tur. 2026 yil 17-iyun.
O‘zbekiston – Kolumbiya.
Portugaliya – FIFA 1-pley off g‘olibi
O‘yinlar Hyuston (AQSH) dagi NRG stadionida yoki Mexiko (Meksika)dagi «Asteka» stadionida bo‘ladi.
2-tur. 2026 yil 23-iyun.
Portugaliya – O‘zbekiston
Kolumbiya – FIFA 1-pley off g‘olibi
O‘yinlar Hyuston (AQSH)dagi NRG stadionida yoki Sapopan (Meksika)dagi «Akron» stadionida bo‘ladi.
3-tur. 2026 yil 27-iyun.
FIFA 1-pley off g‘olibi - O‘zbekiston
Kolumbiya - Portugaliya
O‘yinlar Mayami (AQSH)dagi «Hard Rok» stadionida yoki Atlanta (AQSH)dagi «Mersedes Bens» stadionida bo‘ladi.
Qolgan guruhlar:
«A» guruhi: Meksika, JAR, Janubiy Koreya, UEFA «D» pley offi g‘olibi
«B» guruhi: Kanada, UEFA «A» pley offi g‘olibi, Qatar, Shveysariya
«S» guruhi: Braziliya, Marokash, Haiti, Shotlandiya
«D» guruhi: AQSH, Paragvay, Avstraliya, UEFA «C» pley offi g‘olibi
«E» guruhi: Germaniya, Kyurasao, Kot-dʼIvuar, Ekvador
«F» guruhi: Niderlandiya, Yaponiya, UEFA «B» pley offi g‘olibi,
«G» guruhi: Belgiya, Misr, Eron, Yangi Zelandiya
«H» guruhi: Ispaniya, Kabo Verde, Saudiya Arabistoni,
«I» guruhi: Fransiya, Senegal, FIFA qit’alararo 2-pley off g‘olibi, Norvegiya
«J» guruhi: Argentina, Jazoir, Avstriya, Iordaniya
«K» guruhi: Portugaliya, Kolumbiya, O‘zbekiston va FIFA qit’alararo 1-pley off g‘olibi
«L» guruhi: Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama





