Poytaxtda 545 ta «aqlli» svetofor va 600 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatiladi

Kecha 22:092 daqiqa

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi jamoat transportini yaxshilash bo‘yicha yangi choralarni tasdiqladi. Rejada 240 ta yangi avtobus, 56 km alohida yo‘lak va 70 ta yangi bekat qurish belgilangan.

Poytaxtda 545 ta «aqlli» svetofor va 600 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatiladi © Фото: Шухрат Латипов / «Газета.uz»

Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda 240 ta avtobus xarid qilish orqali 16 ta yangi yo‘nalish tashkil etiladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi qarorida keltirilgan.

Qayd etilishicha, hozirda poytaxtda tirbandlik vaqtida avtobuslarni kutish vaqti sezilarli darajada oshib, 35–40 daqiqagacha yetmoqda. Bunga sabab sifatida ajratilgan avtobus yo‘laklari shahar magistral yo‘llarining atigi 18,5 foizini tashkil etishi va jamoat transportining umumiy qatnovlardagi ulushi pastligi (35 foiz) ko‘rsatilgan. Bu holat aholining asosiy qismi shaxsiy avtomobillardan foydalanishiga va tirbandliklar kuchayishiga olib kelmoqda.

Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida kunlik qatnovlar sonini qo‘shimcha 2000 taga oshirish belgilangan. Shuningdek, jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida 16,2 km BRT yo‘laklari hamda 56 km ajratilgan avtobus yo‘laklari tashkil etiladi. Ushbu yo‘laklarda nazoratni kuchaytirish uchun 600 dan ortiq kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Bekatlar infratuzilmasini yaxshilash doirasida 1116 ta bekat rekonstruksiya qilinadi hamda 70 ta yangi bekat quriladi. Ta’kidlanishicha, hozirda 753 ta bekatda konstruksiyalar mavjud emas, yana 836 tasi esa yetarli sharoitlar bilan ta’minlanmagan. Bundan tashqari, 545 ta «aqlli» svetofor o‘rnatish orqali transport harakatini real vaqt rejimida boshqarish tizimi joriy etiladi.

Hozirgi kunda Toshkent shahar jamoat transporti tizimida 169 ta yo‘nalishda 1927 ta avtobus faoliyat yuritmoqda va kunlik yo‘lovchilar soni 1,4 million nafarga yetgan.

Teglar

Mavzuga oid