
Poytaxtda yirik issiqlik ta’minoti markazi ishga tushirildi
Yangi inshoot qish mavsumida Toshkentning bir nechta tumanlarini barqaror issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu inshoot poytaxt aholisi va iqtisodiyot ob’ektlarini qish mavsumida issiqlik va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtda energiya ta’minoti barqarorligini oshirish maqsadida bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MW bo‘lgan mazkur loyiha ana shu yo‘nalishdagi eng yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Loyiha Xitoyning CNTIC kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilib, 3,5 gektar maydonda joylashgan. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan. Prezident stansiyaning texnologik jarayonlari va ishlash tizimi bilan bevosita tanishdi.
Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning Rolls-Roycye kompaniyasi ishlab chiqargan 70 ta zamonaviy gaz-porshen uskunalari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, qozonxonalardan iste’molchilargacha bo‘lgan issiqlik ta’minoti infratuzilmasi to‘liq rekonstruksiya qilinib, issiqlik magistrallari yangilandi va izolyatsiyali quvurlarga almashtirildi. Bu energiya yo‘qotishlarini keskin kamaytirish imkonini beradi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz tejalishi kutilmoqda. Natijada issiqlik energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 40–45 foizga kamayadi, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi qisqaradi va oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.
Yangi stansiya orqali Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta obyekt doimiy issiqlik bilan ta’minlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadonlari bo‘lib, qolgan qismi ijtimoiy soha ob’ektlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.
Shu yerning o‘zida prezident kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish hamda poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi.
«Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o‘zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la va tom qismlarini, yo‘laklar va o‘yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur», — dedi Prezident.
Poytaxtda mavjud 11 ming 630 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatayotgan 358 ta boshqaruv servis kompaniyasining mavsumga tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari mas’ullarga qish mavsumida tizimli va muvofiqlashgan ish olib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.





