Poytaxtdagi Qatortol ko‘chasi va bozori atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilmoqda
Sud qarori bilan buzilayotganlar orasida «Nomdor» tamaddixonasi ham bor. Ishsiz qolayotgan xodimlarni ish bilan ta’minlashda hokimlik tomonidan amaliy yordam berilishi aytilgan.
© Foto: Chilonzor tumani hokimligiToshkentning Qatortol ko‘chasi va bozori atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlikka ko‘ra, ilgari bu tirband hududda piyodalarning xavfsiz yurishi deyarli imkonsiz edi. Endi esa ushbu piyodalar yo‘lagi to‘liq aholi ixtiyoriga berilmoqda.
«Noqonuniy qurilmalar tufayli odamlar ko‘pincha yo‘lning qatnov qismiga chiqishga majbur bo‘lar edi. Asosiy e’tibor jamoat joylarini noqonuniy qurilmalardan tozalash, obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda xavfsiz shahar muhitini yaratishga qaratildi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, «Nomdor» tamaddixonasi ham sud qarori bilan buzilmoqda. Chilonzor tumani hokimligining yozishicha, ko‘chada joylashgan ushbu umumiy ovqatlanish shoxobchasi ham ruxsatnomasiz qurilgani bois tadbirkor ogohlantirilgan edi. Faoliyat to‘xtatilmagach, hokimlik tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan.
«Sud qaroriga ko‘ra, obyekt noqonuniy deb topildi va ayni paytda bino buzilmoqda», — deya yozadi tuman hokimligi.
Ta’kidlanishicha, tamaddixona egasiga qonun doirasida boshqa joyda o‘z faoliyatini tashkil qilishi mumkinligi tushuntirilgan. Shuningdek, ishsiz qolayotgan xodimlarni ish bilan ta’minlashda hokimlik tomonidan amaliy yordam berilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda renovatsiya uchun «kvartiralar banki» tashkil etilishi haqida yozgan edik.





