
Prezident ikki hokimni ishdan oldi
Prezident huzuridagi yig‘ilishda Chiroqchi va Denov hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlarini ishdan olish belgilandi.

Denov tumani hokimi I.Abrorov va Chiroqchi tumani hokimi F.Yusupov, ishdan olinadi. Bu haqda bugun, 19-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etdi. 51 ta mahallasi bo‘lgan tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard so‘m mablag‘ berilgan.
Tumanga 70 million dollar xorijiy investitsiya olib kelindi, 47 ta korxona ishga tushirildi, 300 ta servis ob’ektida 1 ming nafar odam ishli bo‘ldi, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yildi, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli bo‘ldi.
Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan.
Yoki Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard so‘m resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.
Shu bois, Denov tumani hokimi I.Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F.Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z.Ergashev ishdan olinishi belgilandi.
Teglar






