add

Prezident: Sharq va G‘arb o‘rtasida hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz

Bugun 12:13812 daqiqa

Davlat rahbari mamlakat xalqaro muloqot maydoniga aylanib, global hamkorlikda faol o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Prezident: Sharq va G‘arb o‘rtasida hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz

O‘zbekiston so‘nggi yillarda xalqaro siyosiy va iqtisodiy muloqotlar o‘tkaziladigan muhim maydon sifatida shakllanib borayotgani ta’kidlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida ma’lum qildi.

«Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz», — dedi prezident.

Prezident joriy yil O‘zbekistonda bir qator nufuzli xalqaro tadbirlar o‘tkazilganini eslatib o‘tdi. Xususan, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, UNESCO Bosh konferensiyasining sessiyasi, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammiti hamda xalqaro Iqlim forumi mamlakatda o‘tkazilib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamladi.

Mintaqaviy hamkorlik doirasida ham muhim voqealar qayd etildi. Mart oyida Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari uchrashib, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnomani imzoladilar va «Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya»ni qabul qildilar. Bu hujjatlar Markaziy Osiyoda barqarorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Shuningdek, Ozarboyjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlikni kuchaytiradi.

Tashqi aloqalar geografiyasiga to‘xtalar ekan, davlat rahbari oktabr oyida Brusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganini qayd etdi. Noyabr oyida o‘tgan Markaziy Osiyo – AQSH sammiti, Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilari uchrashuvi hamda Sankt-Peterburgda MDH rahbarlari bilan bo‘lgan muzokaralar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Murojaatnomada iqtisodiy maqsadlar ham alohida tilga olindi. Prezidentning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida YAIM hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan bo‘lib, mavjud salohiyat va islohotlar tufayli bu marraga 2026 yilning o‘zida erishish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, yuqori qo‘shilgan qiymatli sohalar, «yashil» energetika, ilg‘or texnologiyalar, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish orqali kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish mumkinligi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident: Sharq va G‘arb o‘rtasida hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz | Vaqt.uz