Prezident tashabbusi bilan Ramazon oyida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari yo‘lga qo‘yiladi
«Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim», — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekistonda Ramazon oyi munosabati bilan dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etiladi. Bu haqda 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
«Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanadi. Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim», – dedi Mirziyoyev hamda dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markazi inflatsiyaga ta’sir etuvchi ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlash hamda ularga amaliy yechimlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalarida markazning 2 nafardan vakili bo‘ladi. Markaz har haftada tuman va shahardagi bozorlarni tahlil qilib, qaysi mahsulotga hozir qancha ehtiyoj borligi, bir oy, uch oy, bir yildan keyin talab qanday o‘zgarishini prognoz qiladi.
Mavjud quvvatlar va omborlardagi mahsulotlar talabni qanchaga qoplashi, yetishmagan qismini nimaning hisobidan ta’minlashi bo‘yicha har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi shakllantiriladi.





