Prezident yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 mln dollar ajratilishini e’lon qildi

24.02.2026 | 13:403 daqiqa

«Kelajak tadbirkori» dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi.

Prezident yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 mln dollar ajratilishini e’lon qildi

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish (hozir 5 milliard so‘mgacha) mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Bu haqda bugun, 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti davomida ma’lum qilindi.

Har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030 yilga borib, ular 1 millionga yetadi. Yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish – eng muhim masala ekani qayd etildi. Yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar berilgan edi. Xususan, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, 50 ming odamni ish bilan ta’minladi. Prezident yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqayotgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.

«Kelajak tadbirkori» dasturi ishga tushiriladi

Joriy yildan «Kelajak tadbirkori» dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda «Mening birinchi kasbim» dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

«Yoshlar biznes inkubatori» ishga tushiriladi

Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan «Yoshlar biznes inkubatori» ishga tushiriladi. Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.

«Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi boshlanadi

Garvard, Stenford, London iqtisodiyot maktabi kabi nufuzli oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyor. Yoshlar ishlari agentligiga ushbu xorijiy oliygohlar bilan kamida 40 ming yoshlarni biznesga o‘rgatadigan «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturini boshlash topshirildi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi.

Har yili «Yosh tadbirkorlar» tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun «Yoshlar venchurs» jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Banklar bittadan konsalting kompaniya tashkil qilib, joriy yilda 50 ming yosh tadbirkorga biznes reja tayyorlashiga ko‘maklashib, ularning xarajatini qoplab beradi. Yirik savdo tarmoqlari vakillari va malakali mutaxassislar jalb qilinib, kamida 20 ming yosh tadbirkorlikka o‘qitiladi.

Shu bilan birga, 1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Teglar

Mavzuga oid