Prezidentga she’r o‘qib bergan metallurg qizga «Zulfiya» mukofoti berildi
Dilnoza Primqulova davlat rahbari bilan uchrashuvda o‘z faoliyati haqida gapirib, bolaligidan «Zulfiyaxonim qizi» bo‘lishni orzu qilganini aytgan.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni O‘zbekiston metallurgiya kombinatida qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bekobod shahar hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbarining Bekobod shahriga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda «O‘zmetkombinat» AJ quyuv-prokatlash majmuasi mutaxassisi Dilnoza Primqulova so‘zga chiqib, o‘z faoliyati va korxonada yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida gapirgan.
Shuningdek, u nutqi davomida adabiyot va she’riyatga ixlosi balandligini, bolaligidan «Zulfiyaxonim qizi» bo‘lishni orzu qilganini aytib, o‘zi yozgan she’rni o‘qib bergan.
«Qizning o‘z ijodidan o‘qib bergan she’ri, undagi vatanparvarlik va samimiyat davlatimiz rahbarining ham qalbini to‘lqinlantirib yubordi», — deyiladi xabarda.
Primqulova Prezident topshirig‘i bilan mukofotlandi
Shundan so‘ng mamlakat prezidenti shu yerning o‘zida, istisno tariqasida, Dilnoza Primqulovaga «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofotini topshirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq bergan.
14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Primkulova Dilnoza Farxod qizini Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.





