Putin Eron prezidenti bilan telefon orqali muloqat qildi

07.03.2026 | 15:152 daqiqa

Tehron AQSH va Isroil hujumlari fonida Moskvadan siyosiy qo‘llab-quvvatlash kutayotganini bildirdi.

Putin Eron prezidenti bilan telefon orqali muloqat qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida Moskva Yaqin Sharqdagi keskinlikni kamaytirish va nizolarni kuch ishlatmasdan hal qilish zarurligini ta’kidladi.

Rossiya ziddiyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori

Kreml matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya rahbari jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va mintaqa muammolarini diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini yana bir bor bildirgan. Moskva Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun siyosiy va diplomatik mexanizmlardan foydalanish kerakligini ta’kidlagan.

Suhbat chog‘ida Putin Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlari bilan doimiy aloqada ekanini ham aytgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya mintaqadagi barcha tomonlar bilan muloqotni saqlab qolish orqali vaziyatni barqarorlashtirishga intilayapti.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Rossiyaga Eron xalqi bilan hamjihatlik bildirgani uchun minnatdorlik bildirgan. U hozirgi mojaroning keskin bosqichida vaziyat qanday rivojlanayotgani haqida ham Putinga ma’lumot bergan.

Pezeshkiyon, shuningdek, Eron Rossiyaning xalqaro maydondagi imkoniyatlaridan foydalanib, mamlakatning «qonuniy huquqlari»ni qo‘llab-quvvatlashini kutayotganini aytgan. Bu bayonot AQSH va Isroil bilan bog‘liq hujumlar ortidan Tehron Moskvadan siyosiy yordam kutayotganini anglatadi.

Ayni paytda, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Erondan harbiy yordam yoki qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha rasmiy so‘rov olmaganini bildirgan.

Eron Ozarbayjonga hujum qilmagan

Shu bilan birga, Pezeshkiyon Putinga Eron Ozarbayjonga hujum qilmaganini ham ma’lum qilgan. U Tehron qo‘shni davlatlarga qarshi harbiy harakatlar rejalashtirmaganini ta’kidlab, bunday da’volarni «dushmanlar tomonidan tarqatilayotgan mish-mishlar» deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, 5-mart kuni Ozarbayjon Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari Eronga tegishli ikki dron mamlakat hududiga hujum qilganini bildirgan edi. Unda Naxchivondagi aeroport va maktabga zarba berilgani haqida xabar qilingan.

Teglar

Mavzuga oid

Putin Eron prezidenti bilan telefon orqali muloqat qildi | Vaqt.uz