Putin G‘arbga murojaat qildi: «Yaxshisi tinch yashaylik, aks holda Rossiya javob qaytaradi»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Harbiy-sanoat komissiyasi yig‘ilishida NATOning muntazam kengayishini asosiy tahdidlardan biri sifatida ko‘rsatdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlarini «tinch yashashga» chaqirdi hamda yadroviy triada mamlakat suverenitetining kafolati bo‘lib qolishini ta’kidladi. Bu haqda u Harbiy-sanoat komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Putin agar G‘arb davlatlari kelishuvga bormasa, Moskva Rossiya kemalariga nisbatan qilingan xatti-harakatlarga javob qaytarishga majbur bo‘lishini aytgan. Shu bilan birga, u Rossiyaning Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni tiklashga va hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
«Ularga shunday degim keladi: yaxshisi tinch yashaylik, aks holda biz ham javob berishga majbur bo‘lamiz», — dedi Putin. U aynan qaysi kemalar haqida so‘z borayotganiga aniqlik kiritmagan.
NATOning kengayishi va harbiy dasturlar
Putin Rossiya uchun tahdidlardan biri sifatida NATOning kengayishini ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi Yevropa yetakchilari iqtisodiy va ijtimoiy siyosatdagi xatolarini xaspo‘shlash hamda pasayib borayotgan reytingini saqlab qolish maqsadida Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini ochiq aytmoqda.
Shuningdek, yig‘ilish davomida yangi qurollanish davlat dasturining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.
«So‘zsiz ustuvor yo‘nalishlar qatorida, avvalgidek, mamlakatimiz suvereniteti kafolati bo‘lib qolayotgan va dunyoda kuchlar balansini saqlashda asosiy rol o‘ynaydigan yadroviy triadani mustahkamlash turibdi», — deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltirdi «Interfaks» nashri.





