Logo

«Putin Ukrainadagi urushni yanada keskinlashtirishga tayyorlanmoqda» — OAV

Bugun 10:453 daqiqa

Moskva Ukrainadagi tinchlik shartlari bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, degan xulosaga kelgan va o‘z maqsadlariga erishish uchun vaziyatni yanada keskinlashtirmoqchi.

«Putin Ukrainadagi urushni yanada keskinlashtirishga tayyorlanmoqda» — OAV © Foto: Kremlin

Rossiya Ukrainadagi tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, degan xulosaga keldi va endi qo‘shni davlatga hujumlarni kuchaytirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Kremlga yaqin manbalar 26-avgust kuni «Bloomberg» agentligiga ma’lum qilgan.

Hozirda Moskva Kiyevga, jumladan, shaharning markaziy hududlariga yadro kallagisiz ballistik raketalar yordamida yanada kuchli zarbalar berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Jurnalistlar bilan anonim shartlarda suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, Rossiya armiyasining boshqa ehtimoliy nishonlari Ukrainadagi shaharlarning infratuzilma obektlari bo‘lishi mumkin. Ularning baholashicha, Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalar bosimi, shuningdek, Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va logistika markazlariga berayotgan zarbalari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni urushni yakunlashga majbur qilmaydi.

«Bloomberg» manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva Ukraina tomonidan berilayotgan zarbalarni tobora ko‘proq NATO davlatlarining hujumi sifatida baholamoqda, chunki Shimoliy Atlantika alyansi a’zolari Kiyevni qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlamoqda.

«Hozirgi ko‘rinishdagi harbiy harakatlar hali keskinlashuvning eng yuqori nuqtasi emas», — degan manbalar.

Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliffning Moskvaga tashrifi

25-avgust kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliff Moskvaga tashrif buyurdi. Uning rossiyalik hamkorlari bilan muzokaralarida qanday masalalar muhokama qilingani hozircha ma’lum emas. «Bloomberg» eslatishicha, sakkiz oylik tanaffusdan so‘ng AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner yana Moskvaga tashrif buyurishi, shuningdek, ilk bor Kiyevga borishi kutilgan edi. Biroq hozircha bu tashriflarning hech biri uchun aniq sana belgilanmagan.

Diplomatik sa’y-harakatlardan natija chiqmayotgan bir paytda, Moskva o‘z maqsadlariga erishish vositasi sifatida urushni yanada keskinlashtirishdan boshqa muqobil yo‘lni ko‘rmayapti. Bu haqda Kremlga yaqin to‘rt manba agentlikka ma’lum qilgan.

Rossiya Uitkoff va Kushner Moskvaga tinchlik shartlari bo‘yicha yangi takliflar olib kelishiga umid qilmoqda. Biroq muzokaralarda katta yutuqqa erishilishiga bo‘lgan umidlar juda past, deya ta’kidlagan manbalar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Moskva nuqtayi nazaridan Rossiya allaqachon bir qator murosalarga borgan va bundan keyingi har qanday yon berish uning pozitsiyasini yanada zaiflashtiradi. Rossiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan murosalardan biri sifatida Putin va Trampning Ankorijdagi uchrashuvi natijasi ko‘rilmoqda.

Rossiyaning taktik yadro qurolidan foydalanish xavfi bormi?

Shu bilan birga, ayrim rossiyalik amaldorlar Rossiya va Ukraina tomonidan bir-birining logistika obektlariga, shuningdek, Qora dengizdagi portlar va kemalarga davom etayotgan hujumlar Vladimir Putin taktik yadro qurolidan so‘nggi chora sifatida foydalanishiga olib kelishi mumkinligini istisno qilmayapti. «Bloomberg»ning yozishicha, so‘nggi paytlarda Moskvadagi «qattiqqo‘l» kuchlar bunday qadamni qo‘llash tarafdori bo‘lgan takliflarni tobora ko‘proq ilgari surmoqda.

AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaga Ukrainadagi urushda yadro qurolidan foydalanilgan taqdirda, AQSH bunga yadroviy bo‘lmagan qurollardan foydalangan holda kuchli harbiy zarba bilan javob berishini bildirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid