Logo

Putin yaqin yillarda NATO davlatlaridan biriga hujum uyushtirishga qaror qilishi mumkin

Bugun 11:012 daqiqa

Amerikalik rasmiylarning fikricha, ehtimoliy hujumdan maqsad NATO alyansini bo‘lib yuborish ehtimoli yo‘q emas. Manbaga ko‘ra, AQSHda «Putin burchakka siqib qo‘yilsa, yanada xavfliroq bo‘lishi mumkin», degan xavotir bor. Razvedka ko‘rib chiqayotgan ehtimoliy tahdidlar ko‘lami turlicha.

Putin yaqin yillarda NATO davlatlaridan biriga hujum uyushtirishga qaror qilishi mumkin © Foto: Kremlin

AQSH razvedkasi Vladimir Putin yaqin bir necha yil ichida NATOning qat’iyatini «sinab ko‘rishga urinishi» va buning uchun alyans davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirishi mumkin, deb hisoblamoqda. Bunday taxminlar AQSH razvedkasining yangi hisobotlarida keltirilgan. Bu haqda «The Wall Street Journal» yozmoqda.

Hozirgacha AQSHda Putin Ukrainadagi jangovar harakatlar davom etayotgan bir paytda NATO bilan ziddiyatni yanada kuchaytirmaydi, degan qarash mavjud edi. Biroq hozir bu baho o‘zgargan. Tahlilchilarning fikricha, Rossiya-Ukraina urushida ko‘zga ko‘rinadigan yutuqlar yo‘qligi fonida Rossiya prezidenti qandaydir sezilarli g‘alabaga muhtoj bo‘lishi mumkin.

WSJ yozishicha, AQSHda «Putin burchakka siqib qo‘yilsa, yanada xavfliroq bo‘lishi mumkin», degan xavotir bor.

Razvedka ko‘rib chiqayotgan ehtimoliy tahdidlar ko‘lami turlicha. Ular kiberhujumlardan yoki hududni egallash uchun harbiy kiyimida belgilari bo‘lmagan askarlarni yuborishdan tortib, NATOning sharqiy qanotidagi davlatlardan biriga cheklangan bostirib kirishgacha bo‘lishi mumkin. So‘nggi ssenariyning ehtimoli hozircha past deb baholanmoqda, biroq vaqt o‘tishi bilan bu xavf oshishi mumkin.

Amerikalik rasmiylarning fikricha, ehtimoliy hujumdan maqsad NATO alyansini bo‘lib yuborish bo‘lishi mumkin. To‘liq ko‘lamli bosqin NATO Nizomining kollektiv mudofaaga oid 5-moddasini ishga tushiradi. Biroq gibrid hujumlar yoki kiberhujumlar sodir bo‘lgan taqdirda alyansning qanday harakat qilishi kerakligi bo‘yicha aniq belgilangan reja mavjud emas. Putin, masalan, bunday vaziyatda AQSH ittifoqchilariga faqat cheklangan yordam ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblash ehtimoli bor.

AQSH razvedkasi bahosiga ko‘ra, Rossiyaning bunday tajovuzkor harakatlari 2026-yil kuzidan 2029-yilgacha bo‘lgan davrda sodir bo‘lishi mumkin. NATO WSJ’ga bergan rasmiy izohida alyans «turli ssenariylarni doimiy ravishda ko‘rib chiqayotgani» va ularga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi. Alyans vakili Martin O’Donnell ta’kidlashicha, NATO «zarurat tug‘ilganda tiyib turish va mudofaa qilishga tayyorligini» namoyish etishda davom etmoqda.

Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi muhim infratuzilmalarga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva buning uchun Ukrainada qo‘lga kiritilgan dronlardan foydalanishi mumkin. Kaunas ehtimoliy hujumlardan maqsad G‘arb ittifoqchilari orasida Ukrainaga bo‘lgan ishonchni susaytirish va uning qo‘llab-quvvatlanishini kamaytirish bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, u hozircha «to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid» mavjud emasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqmoqchiligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Putin yaqin yillarda NATO davlatlaridan biriga hujum uyushtirishga qaror qilishi mumkin | Vaqt.uz