add

Putinni hibsga olishga order bergan XJS prokurori Rossiyada sirtdan qamaldi

Bugun 11:394771 daqiqa

Moskva shahar sudi Xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Xonni Putin ustidan qamoq orderi chiqargani uchun sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Putinni hibsga olishga order bergan XJS prokurori Rossiyada sirtdan qamaldi

Moskva shahar sudi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prokurori Karim Xon va sudning sakkiz nafar sudyasini «Rossiya fuqarolarini noqonuniy ta’qib qilganlik» ayblovi bilan sirtdan jazoga tortdi. Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Xon «Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini qamoqqa olish haqida bilgan holda g‘ayriqonuniy qaror qabul qilishga ko‘rsatma bergan» deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud hukmiga ko‘ra, uning dastlabki to‘qqiz yili qamoqxonada, qolgan qismi qattiq tartibli koloniyada o‘taladi.

Hukm qilinganlar orasida XJS raisi Petr Yuzef Xofmanskiy, uning o‘rinbosarlari Karransa Lus del Karmen Ibanes va Bertram Shmitt ham bor. Shuningdek, sudya Tomoko Akane, Rozario Salvatore Aitala, Serxio Xerardo Ugalde Godines, Xaykel Ben Maxfud va Rene Adelaida Sofi, Alapini-gansu kabi rasmiylarga uch yarim yildan 15 yilgacha bo‘lgan turli jazolar tayinlandi. Tergov qo‘mitasi ularning barchasi XJS orderlari orqali Rossiya fuqarolarini «g‘ayriqonuniy tarzda ta’qib qilgan»ini iddao qilmoqda.

2023 yil mart oyida Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani qamoqqa olish uchun order chiqargandi. Ular Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy olib ketishda gumonlandilar. Bunga javoban Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi qamoq orderini chiqargan XJS sudyalariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Teglar

Mavzuga oid