Qatarda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi
Qatar havo hududi yopilishi oqibatida 48 nafar O‘zbekiston fuqaro Hamad international aeroportda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Qatardagi so‘nggi keskin vaziyat sharoitida O‘zbekiston elchixonasi mamlakatda bo‘lib turgan yurtdoshlar xavfsizligi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
1-mart holatiga ko‘ra, Qatar hududida 600 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shundan:
31 nafari – diplomatik vakolatxonalar xodimlari va ularning oila a’zolari;
40 nafari – Dohada tahsil olayotgan talabalar;
250 nafari – Qatarda vaqtincha ishlovchi fuqarolar;
270 nafari – turizm va boshqa sabab bilan safarda bo‘lib turganlar.
28-fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi va bir qator xalqaro reyslarning bekor qilinishi oqibatida 48 nafar yurtdosh Dohadagi Hamad xalqaro aeroportida qolib ketgan. Ular Sharja, Dubay va Olma-Ota orqali Toshkentga uchib ketishi kerak edi.
Aeroportda qolib ketgan fuqarolar mehmonxonaga joylashtirildi
Aeroport ma’muriyati hamda «Qatar Airways», «Air Arabia» va «Saudia Airlines» aviakompaniyalari yo‘lovchilarni mehmonxonaga joylashtirish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng elchixona mas’ullari aeroportga chiqib, fuqarolar bilan uchrashdi va aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi.
Ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilgan fuqarolar bilan zudlik bilan aloqa o‘rnatilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. Vatandoshlar vaqtincha mehmonxonaga joylashtirildi va doimiy konsullik ko‘magi ta’minlandi.
Elchixona reyslar qayta tiklangandan so‘ng fuqarolarning Vatanga qaytishi ta’minlanishini ma’lum qildi. Hozirda fuqarolar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, u muntazam yangilanmoqda.
Diplomatik vakolatxona yurtdoshlarni vazminlik saqlashga, rasmiy manbalarga tayanishga va Qatar rasmiy idoralari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Zarur holatda Qatarda turizm maqsadida bo‘lib turgan fuqarolar elchixona konsuli Otabek Muratov bilan +974 5141 1001 telefoni orqali bog‘lanishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Eron Islom Inqilobi Qo‘riqchilari Korpusi AQSH–Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalarga javob sifatida mintaqadagi AQSH harbiy obyektlariga raketa va dronlardan iborat to‘lqinli hujum boshlaganini ma’lum qilgan. Nishonlar orasida Qatar, Quvayt, BAA va Bahrayndagi yirik harbiy bazalar bor.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi keskin vaziyat sabab Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish hamda boshqa turdagi xorijiy tashriflarni vaqtincha kechiktirib turishni tavsiya qildi.





