Qimmatlagan import go‘sht, o‘zbek uranidan umidvor Fransiya va start olgan Tashabbusli budjet — 11-mart dayjesti

Kecha 23:253 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qimmatlagan import go‘sht, o‘zbek uranidan umidvor Fransiya va start olgan Tashabbusli budjet — 11-mart dayjesti

Makron: O‘zbekiston asosiy alternativ ta’minotchilardan biri

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijda bo‘lib o‘tgan Xalqaro atom energiyasi sammitida Yevropa Ittifoqi Rossiya uraniga bog‘liqligini kamaytirish uchun ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilishi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevropa uchun asosiy muqobil ta’minlovchilardan biri sifatida qaralmoqda. Makron Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlar bilan birga O‘zbekiston ham uran yetkazib berishda muhim sherik bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan uran zaxiralari 139 ming tonnani tashkil etadi, 2025 yilda esa 7 ming tonna uran qazib olingan. Mamlakat Fransiyaning «Orano» kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirib, uran qidiruvi va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirmoqda. Xususan, «Nurlikum Mining» qo‘shma korxonasi 2025 yil oxiriga qadar Janubiy Jongeldi konidan uran qazib olishni boshlashni rejalashtirgan.

«Tashabbusli budjet»ning ovoz berish bosqichi boshlandi

2026 yilgi «Tashabbusli budjet» dasturining birinchi mavsumida fuqarolar tashabbuslari uchun ovoz berish bosqichi boshlandi va u 20-mart soat 23:59 gacha davom etadi. Ovoz berish «Ochiq budjet» portali veb-sayti, uning mobil ilovalari hamda Telegram orqali amalga oshiriladi. Joriy mavsumda fuqarolar tomonidan 21 049 ta loyiha ilgari surilgan bo‘lib, saralash natijasida 17 390 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi.

Shu bilan birga, sherikchilik mexanizmi asosida 16 ta loyiha ovoz berishsiz ham g‘olib deb topildi. Ularni amalga oshirish uchun fuqarolar tomonidan 3,3 mlrd so‘m mablag‘ yig‘ildi. Qashqadaryo viloyatidagi 7 ta loyiha mahalla ichki yo‘llarini asfaltlashga qaratilgan. Ayrim hududlarda esa loyihalar asossiz rad etilgani yoki mezonlarga zid holda ovoz berishga chiqarilgani sababli, ularni qayta ko‘rib chiqish uchun ovoz berish vaqtincha cheklab qo‘yildi.

Sirojiddin Odilov nimada gumonlanayotgani ma’lum bo‘ldi

Bloger Sirojiddin Odilov firibgarlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Samarqand viloyati Past-darg‘om tumanida yashovchi fuqaro tuman IIBga bloger Sirojiddin Odilov ustidan shikoyat qilgan.

Qayd etilishicha, past-darg‘omlik fuqaro 2024-yilning avgust oylarida boshqa shaxs bilan o‘rtalaridagi moliyaviy masalasini hal qilib berishini so‘rab, Toshkent shahrida yashovchi blogerga murojaat qilgan.

«S.A. vakolatli shaxs bo‘lmasada, jabrlanuvchidan ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga ma’lum miqdorda pullarni olganligi va hozirgi kunga qadar va’dasini bajarmasdan, aldab kelganligi bois, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan», – deyiladi IIB xabarida.

Mazkur holat yuzasidan blogerga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Go‘sht importi keskin oshdi: bozorda narxlar ham qimmatlashmoqda

2026 yil fevral oyida O‘zbekistonga jami 86,1 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilindi. Import tarkibida asosiy ulush mol go‘shtiga to‘g‘ri kelib, uning hajmi 67,2 mln dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki karradan ziyodga oshgan. Shu bilan birga, import narxlarida ham o‘sish kuzatildi: mol go‘shtining o‘rtacha import narxi 1 kg uchun 4,71 dollar, qo‘y go‘shti 2,72 dollar, parranda go‘shti esa 1,27 dollar bo‘ldi.

Import hajmi oshganiga qaramay, ichki bozorda go‘sht narxlari ham qimmatlashmoqda. Fevral oyida qo‘y go‘shti narxi 2,6 foizga, suyaksiz va suyakli mol go‘shti 1,6 foizga oshgan. Yillik hisobda esa qo‘y go‘shti 27,4 foizga, mol go‘shti 22–24 foizgacha qimmatlashgan. Parranda go‘shti narxi ham oy davomida 1,4–1,8 foizga, yillik hisobda 7–7,5 foizga o‘sgan.

Xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan to‘langan soliq miqdori ma’lum qilindi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi 161 684 ta yuridik shaxs davlat budjetiga jami 41,6 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. Shundan 20 ta eng yirik kompaniya 7,6 trln so‘m soliq to‘lab, umumiy tushumning 18,4 foizini ta’minladi. Ushbu korxonalarning umumiy tovar aylanmasi 88 trln so‘mni tashkil etgan.

Eng yirik soliq to‘lovchilar orasida «Asia Trans Gas» MCHJ (1,4 trln so‘m), «O‘zbektelekom» AJ (1,36 trln so‘m) va «Uzbekistan Airways» AJ (849,5 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. Soliqlar tarkibida foyda solig‘i 2,5 trln so‘m, qo‘shilgan qiymat solig‘i 2,03 trln so‘m, jismoniy shaxslar daromad solig‘i 1,07 trln so‘m va ijtimoiy soliq 1,05 trln so‘mni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid