
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi o‘lim jazosini joriy etish taklifi rad etdi
Bungacha Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘izistonda bolalar va ayollarga qarshi og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini tiklash taklifini bildirgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bolalarni zo‘rlash va bu jinoyat ortidan sodir etilgan qotilliklar uchun o‘lim jazosini qayta joriy etishni taklif qilgandi. Konstitutsiyaviy sud 10-dekabr kuni ushbu tashabbusni ko‘rib chiqib, uni qabul qilish mumkin emasligi to‘g‘risida qaror chiqardi. Sud taklif asosiy qonunning yaxlit tizimiga, inson huquq va erkinliklariga hamda mamlakatning demokratik tuzumiga ta’siri bo‘yicha kompleks baholandi.
Sudga ko‘ra, Qirg‘iziston konstitutsiyasi inson huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida belgilaydi va ularni himoya qilish bo‘yicha kafolatlar tizimi asosiy qonunni o‘zgartirishda chegara vazifasini bajaradi. Shu bois tamal huquqlarni cheklovchi yoki kafolatlar darajasini pasaytiruvchi o‘zgarishlar konstitutsiyaviy tuzum barqarorligiga zid hisoblanadi. Sud non-regress tamoyili — inson huquqlarini pasaytirishga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, sud yashash huquqining ustuvorligini va o‘lim jazosini taqiqlashning nafaqat huquqiy, balki axloqiy ahamiyatga ega ekanini qayd etgan. Qirg‘iziston ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomalar ham bunday jazoni qayta joriy etishga yo‘l bermaydi. Vena konvensiyasiga muvofiq, davlat o‘z ichki qonunlariga tayanib xalqaro majburiyatlardan voz kechishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sud ushbu konstitutsiyaviy tuzatish asosiy qonunga zid ekanini, o‘lim jazosini qaytarish mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va huquqiy jihatdan imkonsizligini xulosa qildi. Qaror mamlakatda inson huquqlarining ustuvorligi saqlanishini yana bir bor tasdiqladi.
BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk ham Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini tiklash rejasidan voz kechishga chaqirgan edi. Uning fikriga ko‘ra, bu chora jinoyatchilikni kamaytirmaydi va inson huquqlariga ziddir.





