Qirg‘iziston SHHT doirasida sun’iy intellekt va xavfsizlik bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqmoqda
Qirg‘iziston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgan 2026-yilda 40 dan ortiq xalqaro tadbir o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bishkekda SHHT sammiti, biznes forumlar va sun’iy intellekt bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilinadi.
© barometr.kgQirg‘iziston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgan yilda turli darajadagi 40 dan ortiq tadbir o‘tkazadi. Bu haqda matbuot anjumanida Qirg‘izistonning SHHT bo‘yicha milliy koordinatori Almaz Bakalayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil tashkilot uchun yubiley yili bo‘lib, SHHT tashkil etilganining 25 yilligi nishonlanmoqda.
Almaz Bakalayev ta’kidlashicha, bugungi kunda tashkilot 10 ta davlat, 15 ta muloqot bo‘yicha hamkor va 2 ta kuzatuvchi mamlakatni birlashtirgan.
«Bu shunchaki mintaqaviy birlashma emas, balki global muloqot va strategik sheriklikning ta’sirchan markazidir», – dedi u.
Koordinatorning aytishicha, yil boshidan buyon Qirg‘izistonda temiryo‘l ma’muriyatlari rahbarlari, transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va sog‘liqni saqlash vazirlari uchrashuvlari, shuningdek, sport va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazildi.
SHHT tadbirlari
Asosiy tadbirlardan biri Qirg‘iziston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti bo‘ladi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchi davlatlarning dolzarb xalqaro masalalar bo‘yicha kelishilgan pozitsiyasini aks ettiruvchi Bishkek deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Raislik doirasida madaniy, ta’lim va yoshlar tadbirlari ham rejalashtirilgan. Ular qatorida Issiqko‘ldagi Aytmatov forumi, SHHT xalqaro kinofestivali, mediaforum, SHHT ayollar forumi, yoshlar raqamli forumi va yosh olimlar xalqaro lageri bor.
SI ba boshqa takliflar
Almaz Bakalayevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston raqamlashtirish va xavfsizlik sohasida qator tashabbuslarni ilgari surgan. Xususan, respublika ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish va sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv loyihasini taklif qilgan.
Bishkek, shuningdek, SHHT mintaqaviy aksilterror tizimi tuzilmasida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash markazini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surmoqda. Markaz poytaxtda joylashishi kutilmoqda.
Iyun oyida Qirg‘izistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Ishbilarmonlar kengashi yig‘ini va tashkilot davlatlari tadbirkorlari hamda investorlari ishtirokida biznes-investforum bo‘lib o‘tadi.
Almaz Bakalayev ta’kidlashicha, Qirg‘iziston raislik yilida tadbirlarni sifatli tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu respublika mustaqilligining 35 yilligi, shuningdek SHHT sammiti va Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga tayyorgarlik fonida amalga oshirilmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti – Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron va Belarus o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni ta’minlash maqsadida tuzilgan xalqaro tashkilotdir. Uning asosiy maqsadlari terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda mintaqada iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishdan iborat.





