
Qirg‘iziston sobiq prezidenti barcha davlat mukofotlaridan mahrum etildi
Sud hukmi ijrosi doirasida sobiq prezident Almazbek Atambayevning barcha davlat unvon va ordenlari bekor qilindi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev barcha davlat mukofotlaridan mahrum etildi. Tegishli farmonni mamlakatning amaldagi rahbari Sadir Japarov imzoladi. Qaror sud hukmini ijro etish maqsadida qabul qilingani rasman ma’lum qilindi.
Prezident administratsiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu qaror 2025 yil 3-iyun kuni Bishkek shahri Perovmay tuman sudi chiqargan hukmga asoslangan. Farmon «Qirg‘iziston Respublikasining davlat mukofotlari, faxriy unvonlari va mukofot pullari to‘g‘risida»gi qonun hamda Konstitutsiya talablariga muvofiq qabul qilingan.
Hujjatga asosan, Almazbek Atambayev
«Qirg‘iziston Respublikasining Qahramoni» oliy darajasi;
II darajali «Manas» ordeni;
«Danaker» ordeni;
«Dank» medalidan mahrum etildi. Shu bilan birga, 1999–2017 yillar oralig‘ida ushbu mukofotlarni berishga oid bir qator prezident farmonlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etildi.
Farmonda Bosh prokuratura huzuridagi Sud ijrochilari xizmatiga davlat mukofotlari va ularga tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda olib qo‘yib, davlat mukofotlari fondiga topshirish vazifasi yuklatilgan. Mazkur qaror imzolangan kundan e’tiboran kuchga kirgan.
Eslatib o‘tish joizki, Atambayev 2019 yil 8-avgust kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida qo‘lga olingan edi. 2025 yil iyun oyida sud uni sirtdan 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgan.
Sud xulosasiga ko‘ra, sobiq prezident yer uchastkalarini noqonuniy olish, Bishkek IESni modernizatsiya qilishda korrupsiya hamda ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda aybdor deb topilgan. U 2011–2017 yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan va 2019 yilda daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan.





