Qirg‘iziston xorijliklar va mehnat muhojirlari uchun qoidalarni o‘zgartirmoqda

Bugun 15:071 daqiqa

Qirg‘izistonda 2026-yil oxirigacha amal qiladigan yangi migratsiya qoidalari tasdiqlandi. Endi xorijliklar yagona ruxsatnoma orqali yashash va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Qirg‘iziston xorijliklar va mehnat muhojirlari uchun qoidalarni o‘zgartirmoqda © Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi xorijliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun viza, mamlakatda bo‘lish va mehnat faoliyati uchun yagona ruxsatnoma hamda rezident-kartalarni rasmiylashtirishni tartibga soluvchi vaqtinchalik nizomni tasdiqladi, deb xabar berdi «24.kg».

Qarorga muvofiq, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Qirg‘izistonda yashash va ishlash uchun yagona ruxsatnomani rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, vaqtinchalik nizomda rezident-kartalarni berish tartibi ham belgilangan.

Xorijliklarning mehnat faoliyati uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va berish vakolati 2026-yil oxirigacha Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligiga o‘tkazildi.

Yangi qoidalar 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi. Shu davr mobaynida viza va mehnat migratsiyasi sohasidagi 2017- va 2019-yillarda qabul qilingan ayrim hukumat qarorlari vaqtincha to‘xtatiladi.

Chiqish vizasi narxi

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi mamlakatda bo‘lish muddatini buzgan xorijliklar uchun chiqish vizasi rasmiylashtirish yig‘imlarini ham o‘zgartirdi. Endilikda uch oydan ortiq muddatga qolib ketganlar uchun chiqish vizasi — 17,5 ming som (taxminan 200 dollar); bir yildan ortiq muddatga qolib ketganlar uchun — 192,5 ming somni (taxminan 2,2 ming dollar) tashkil etadi.

Har bir keyingi ortiqcha yil uchun qo‘shimcha ravishda 1,1 ming dollardan to‘lanadi. Qaror rasman e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid