Logo

Qirg‘izistonda benzin va dizel narxi yil boshidan beri qanchaga oshdi?

Bugun 10:552 daqiqa

Mamlakat yoqilg‘ining 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan import qiladi. Shuning uchun Rossiya bozoridagi har qanday o‘zgarish Qirg‘izistondagi narxlarga ham bevosita ta’sir qiladi.

Qirg‘izistonda benzin va dizel narxi yil boshidan beri qanchaga oshdi? © natemat.pl

2026-yil iyul oyida Qirg‘izistonda benzin va dizel narxlari sezilarli darajada qimmatladi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Iyul oyidagi narxlar o‘zgarishi

Iyul davomida yoqilg‘i narxlari quyidagicha oshdi:

AI-95 benzini – 1 litri 88,87 somdan (1,02 dollar) 108,49 somga (1,24 dollar) ko‘tarildi. Ya’ni 19,62 som yoki 22,1 foizga qimmatladi. AI-92 benzini – 80,52 somdan (0,92 dollar) 88,67 somga (1,01 dollar) oshdi. Bu 8,15 som yoki 10,1 foizlik o‘sish. Dizel yoqilg‘isi – 94,36 somdan (1,08 dollar) 101,69 somga (1,16 dollar) ko‘tarildi. Ya’ni 7,33 som yoki 7,8 foizga qimmatladi.

2026-yil boshidan buyon narxlar qanday o‘zgardi?

Yil boshidan beri yoqilg‘i narxlari muntazam oshib bormoqda:

AI-95 – 81,8 somdan (0,94 dollar) 108,49 somga (1,24 dollar) ko‘tarildi. Jami 26,69 som yoki 32,6 foizga oshgan. AI-92 – 76,44 somdan (0,87 dollar) 88,67 somga (1,01 dollar) chiqdi. Bu 12,23 som yoki 16 foizlik o‘sish. Dizel – 81,21 somdan (0,93 dollar) 101,69 somga (1,16 dollar) ko‘tarildi. Ya’ni 20,48 som yoki 25,2 foizga qimmatlagan.

Nega yoqilg‘i narxi oshdi?

Qirg‘iziston yoqilg‘ining 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan import qiladi. Shuning uchun Rossiya bozoridagi har qanday o‘zgarish Qirg‘izistondagi narxlarga ham bevosita ta’sir qiladi. 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyada yirik neftni qayta ishlash zavodlari va neft bazalariga Ukraina dronlari uyushtirgan hujumlar sabab yoqilg‘i inqirozi yuzaga keldi. Oqibatda neftni qayta ishlash hajmi kamaydi va Qirg‘izistonga benzin importi 12,9 foizga qisqardi. Shu sababli Rossiyadagi ulgurji yoqilg‘i narxlari keskin oshdi.

Rossiya hukumati avtomobil benzini eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2027-yil 31-yanvargacha uzaytirdi. Garchi Qirg‘izistonga yoqilg‘i bojxona to‘lovlarisiz yetkazib berilayotgan bo‘lsa ham, Rossiya bozorida mahsulot kamligi sababli qirg‘iz importchilari benzinni qimmatroq narxda sotib olishga majbur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, avvalgi oylarda qirg‘iz somining rublga nisbatan qadrsizlanishi ham narxlarning oshishiga sabab bo‘ldi. Chunki yoqilg‘i bo‘yicha ulgurji shartnomalar Rossiya rublida tuziladi. Yana bir omil — temiryo‘l tashish xarajatlari va Qozog‘iston orqali tranzit narxlarining oshishi. Yoqilg‘i tanqisligi sabab Qirg‘iziston Rossiyadan tashqari Xitoy va Belarusdan ham yoqilg‘i olib kelishni ko‘paytirdi.

Energetika vaziri Oltinbek Risbekovning aytishicha, Xitoydan avtomobil transportida yoqilg‘i tashish Rossiyadan temiryo‘l orqali olib kelishga qaraganda qimmatroq, shu sababli bu xarajat ham yoqilg‘ining chakana narxiga qo‘shilmoqda. Iyul oyida narxlarning ko‘tarilishiga qishloq xo‘jaligi mavsumining avj olishi va Issiqko‘l turizm mavsumi tufayli ichki talabning ortgani ham ta’sir ko‘rsatdi. Monopoliyaga qarshi tartibga solish xizmati ma’lumotiga ko‘ra, talab yuqori bo‘lgani va yoqilg‘i zaxiralari cheklangani sabab AYQSHlardagi narxlar oshgan.

Shuningdek, Qirg‘iziston hukumati AI-95 benzini narxini davlat tomonidan tartibga solishni bekor qildi. Bu qaror treyderlarga boshqa turdagi yoqilg‘i narxini sun’iy ushlab turishdan ko‘rilgan zararlarni qoplash imkonini berdi.

Teglar

Mavzuga oid