Qirg‘izistonda prezidentga bo‘ysunuvchi Tergov qo‘mitasi tuziladi

23.02.2026 | 16:352 daqiqa

Qirg‘izistonda prezident tashabbusi bilan tergov vakolatlari markazlashtirilib, kuchishlatar idoralar faoliyati qayta shakllantiriladi.

Qirg‘izistonda prezidentga bo‘ysunuvchi Tergov qo‘mitasi tuziladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda kuchishlatar tuzilmalarini keng ko‘lamli isloh qilishni e’lon qildi. Unga ko‘ra, bevosita davlat rahbariga bo‘ysunuvchi alohida Tergov qo‘mitasi tashkil etiladi va asosiy tergov funksiyalari shu organga o‘tkaziladi.

«Yangi Tergov qo‘mitasi tuziladi. Tergovning asosiy funksiyalari o‘sha yerga o‘tadi. Bosh va harbiy prokuraturalar esa, o‘z navbatida, barcha tuzilmalar harakatlarining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshiradi», — dedi Japarov «Kabar» davlat axborot agentligiga bergan intervyusida.

Yangi Tergov qo‘mitasi vazifasi

Prezident amaldagi tizimda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligida ham tezkor-qidiruv xizmatlari va tergovchilar mavjudligini, ularning barchasi bir vazirga bo‘ysunishini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda tergovchilarga «xom» yoki yetarlicha asoslanmagan ishlarni qabul qilish bo‘yicha bosim o‘tkazilishi mumkin.

Yangi Tergov qo‘mitasi esa bevosita prezidentga hisobdor bo‘ladi va asossiz materiallar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishi mumkin. Japarov bu orqali inson huquqlarini himoya qilish darajasini sezilarli oshirish mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, islohot adolatsiz ravishda javobgarlikka tortilgan shaxslarni himoya qilishga xizmat qiladi.

Yangi tizim qachon tashkil etiladi?

Islohot kelasi yildan boshlanishi rejalashtirilgan. Prezident binolar va texnik bazani tayyorlash, farmon chiqarish hamda tegishli qonun loyihalarini Jo‘qorg‘u Keneshga kiritish rejasini ma’lum qildi. Qonunlar qabul qilingach, tashkiliy ishlar boshlanadi.

Shuningdek, islohot Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi faoliyatini ham qamrab oladi. Japarovning ta’kidlashicha, MXDQ faqat razvedka, kontrrazvedka, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, terrorizm, ekstremizm, banditizm va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadi. Idora iqtisodiyotga aralashmaydi.

Teglar

Mavzuga oid