Logo

Qirg‘izistonda salbiy kredit tarixi saqlash muddati qisqartiriladi

Bugun 18:141 daqiqa

Qarzi yopilgan fuqarolarning salbiy kredit tarixi endi besh yil emas, ikki yil saqlanishi taklif etilmoqda.

Qirg‘izistonda salbiy kredit tarixi saqlash muddati qisqartiriladi

Qirg‘iziston Milliy banki kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarga o‘zgartish kiritishni taklif qildi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihaga ko‘ra, salbiy kredit ma’lumotlarini saqlash muddati qisqartiriladi.

Yangi tartibga muvofiq, qarz to‘liq qoplangan yoki hisobdan chiqarilganidan keyin salbiy kredit tarixi kredit byurosi arxivida ikki yil davomida saqlanadi. Amaldagi qoidalarda bu muddat besh yilni tashkil etadi.

Shuningdek, 30 ming somgacha bo‘lgan kichik kreditlar bo‘yicha salbiy ma’lumotlar majburiyatlar bajarilganidan keyin bir yil saqlanadi.

Ijobiy kredit tarixi uchun amaldagi tartib

Ayni paytda ijobiy kredit tarixi uchun amaldagi tartib o‘zgarmaydi. Bunday ma’lumotlar besh yil davomida saqlanishda davom etadi.

Qaror loyihasida tugatilgan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni ham kredit tarixidan chiqarish nazarda tutilgan. Bunday ma’lumotlar oxirgi yangilanishdan ikki yil o‘tgach o‘chiriladi. Lombardlar tomonidan berilgan qarzlar haqidagi ma’lumotlarni saqlash muddati esa bir yil etib belgilanmoqda.

Yana bir muhim yangilik — favqulodda vaziyat yoki favqulodda holat sabab yuzaga kelgan kredit va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha kechikishlar salbiy kredit tarixiga kiritilmaydi. Buning uchun qarz oluvchi tegishli ariza taqdim etishi va favqulodda holat uning majburiyatlarni bajarishiga ta’sir qilganini tasdiqlashi kerak.

Mazkur o‘zgartishlar to‘g‘risidagi qaror rasman e’lon qilinganidan yetti kun o‘tgach kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid