
Qizlarni Tailandga fohishalikka yubormoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi
U mazkur ishni Tailandda bo‘lib turgan, 2005 yilda tug‘ilgan sherigi bilan kelishgan holda tashkil etgan.

Toshkent shahrida odam savdosiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir davomida ikki fuqaroni xorijga jinoiy maqsadda olib chiqishga urinish bartaraf etildi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, holat Toshkent xalqaro aeroportida aniqlanib, gumonlanuvchi joyida ushlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda yashovchi 27 yoshli S.N. ikki nafar fuqaroni Tailand davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanish maqsadida yuborayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Dastlabki tekshiruv natijalari ushbu jinoiy harakat oldindan rejalashtirilganini ko‘rsatmoqda. Xususan, mazkur ish Tailand hududida bo‘lib turgan 20 yoshli F.A. bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan.
Ayni paytda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi «b», «g», «ye», «z» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha barcha holatlarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.





