Qo‘mita raisiga savol: Mashhur o‘zbek filmlari olingan joylar qachon turistik maskanga aylanadi?
Turizm qo‘mitasi tashkil etgan tadbirda Vaqt.uz muxbiri tomonidan sovet davrida va undan keyin yaratilgan mashhur o‘zbek filmlari tasvirga olingan uylardan turizm manzili sifatida foydalanilmasligi masalasi ko‘tarildi.

15-may kuni Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil qilindi. Tadbir davomida Vaqt.uz muxbiri Ilyos Safarov tomonidan sovet davrida va undan keyin yaratilgan mashhur o‘zbek filmlari tasvirga olingan uylarni turizm manzili sifatida foydalanilmasligi masalasida savol bilan murojaat qilindi.
Qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov esa savolga javob berarkan, bu yo‘nalishda ishlar boshlanganini aytib, O‘zbekistonda ham Malta yoki Turkiya tajribasi asosida kino ishlab chiqaruvchilarga xarajatlarning bir qismini davlat tomonidan qaytarib berish (rebate) tizimi yo‘lga qo‘yilganini eslatdi.
«Prezidentimizning tegishli qarori bilan o‘tgan yilning noyabr oyida bizda ham mana shunday tizim joriy etildi va hozirda uning tartibi ishlab chiqilgan. Ayni paytda vakillarimiz Kann xalqaro kinofestivalida alohida pavilon bilan qatnashmoqda. Shuningdek, bugungi kunga kelib, dastlabki kelishuvlar asosida O‘zbekistonda uchta yirik film tasvirga olinishi rejalashtirilgan. Ulardan ikkitasida Gollivudning juda taniqli aktyorlari suratga tushadi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, hozircha film nomlarini ochiqlay olmaymiz, vaqti kelib ijodkorlarning o‘zlari matbuot anjumani o‘tkazishadi. Ushbu filmlar Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Buxoroda tasvirga olinadi. Ishonamizki, yangi joriy etilgan iqtisodiy mexanizmlar orqali biz ham Turkiya seriallari kabi va undan-da yuqori natijalarni qo‘lga kiritamiz», – dedi u.
Ammo jurnalist bular yangi loyihalar ekanini, savol esa avvalroq tasvirga olingan va xalqning ko‘nglidan chuqur joy olgan mavjud asarlar haqida bo‘lganini eslatdi.
«Masalan, Sijjakda «Suyunchi» filmi, Toshkentda «Shaytanat» seriali tasvirga olingan xonadonlar bor. Mana shu mavjud manzillarni turistik obyektga, o‘sha filmlarga oid muzeylarga aylantirish, ularning yagona ro‘yxatini tuzish rejada bormi? Shaxsan men «Shaytanat» yoki «Suyunchi» olingan uylarni ko‘rish, nostalgiya uchun bemalol 200–300 ming so‘m pul sarflab borgan bo‘lardim. Sizlarda shunday obyektlarni ommalashtirish rejasi bormi?» — deya savol berdi tahririyat muxbiri.
Shundan so‘ng savolga qo‘mita mas’ul xodimi Jamshid G‘oziyev javob qaytardi. Uning ta’kidlashicha, bu masalada umuman ishlanmayapti deb bo‘lmaydi.
«Siz aytgan yo‘nalish bo‘yicha ham bizda aniq manzillar ro‘yxati va maxsus dasturlar mavjud. To‘g‘ri, bu obyektlar hozircha ko‘proq mahalliy turistlar uchun xizmat qilmoqda. Masalan, Qo‘qon shahrida «O‘tkan kunlar» filmidagi Otabek va Kumushning uchrashuvi tasvirga olingan xonadon tadbirkorlar tomonidan alohida turistik obyektga aylantirilgan va u yerga ko‘plab turistlar bormoqda. Shuningdek, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy bilan bog‘liq maskanlarda ham shunday tizim bor. Toshkent shahrida ham bunday xonadonlar mavjud. Balki bu haqda sizda to‘liq ma’lumot bo‘lmagani uchun u yerlarga bormagandirsiz», – dedi G‘oziyev.
Qo‘mita mutasaddisining javobidan so‘ng jurnalist agar shunday ishlar qilinayotgan bo‘lsa, unda nega ular ommaviy emasligi va qo‘mita tomonidan bu loyihalarga aynan qanday amaliy yordam berilgani bilan qiziqdi. Muxbirning e’tirozlariga ko‘ra, Qo‘qon yoki Marg‘ilondagi obyektlar ko‘proq mahalliy boshqarmalar va tadbirkorlarning shaxsiy tashabbusi bilan qilingan ishlarga o‘xshaydi.
Bahsga qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov yakun yasadi va bu yo‘nalish chindan ham sust targ‘ib qilinayotganini tan oldi.
«Agar bu borada keng qamrovli dasturlar bo‘lsa-yu, ommaviy axborot vositalari xodimlari undan bexabar bo‘lsa, demak, sohada targ‘ibot ishlari juda sust. Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, biz nafaqat yangi loyihalar, balki mavjud tarixiy va madaniy obyektlarimizning targ‘iboti ustida ham jiddiy ishlashimiz kerak. Buni menga uy vazifasi qilib bering», — dedi qo‘mita rahbari Abdulaziz Aqqulov.
Teglar






