Qozog‘iston 2027-yildan o‘zini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlaydi
2029-yilga borib Qozog‘iston energetika tizimida 20 foizlik zaxira bilan barqaror elektr ortiqchaligi shakllanadi. Bu esa mamlakatning elektr energiyasi eksport qilish imkoniyatini ham oshiradi.
© Foto: Depositphotos2027-yil oxiriga borib Qozog‘iston mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ichki ehtiyojini to‘liq qoplashni va hatto ortiqcha elektr ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda energetika va kommunal sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha milliy loyiha amalga oshirilmoqda. 2026-yilda ushbu loyiha doirasida 2418 MVt quvvatga ega yangi energiya obyektlari ishga tushiriladi.
2027-yilda esa yana 825 MVt quvvat ishga tushishi rejalashtirilgan. Jumladan, «Jambil» GRESda quvvati 210 MVt bo‘lgan 5 ta gaz turbinasi ishga tushiriladi, MAEK korxonasida esa 160 MVt quvvatli bug‘-gaz elektr qurilmasi foydalanishga topshiriladi.
Vazirning ta’kidlashicha, ushbu obyektlar ishga tushirilishi natijasida 2027-yil boshidanoq mamlakat iqtisodiyotining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq ta’minlanadi. Yil oxiriga borib esa Qozog‘istonda 1,3 milliard kWh ortiqcha elektr energiyasi paydo bo‘ladi.
Yerlan Akkenjenovning aytishicha, ushbu ishlar natijasida 2029-yilga borib mamlakatdagi issiqlik tarmoqlarining eskirish darajasi o‘rtacha 52 foizdan 42 foizga, elektr tarmoqlariniki esa 74 foizdan 45 foizgacha kamayadi.
Shuningdek, milliy loyiha doirasida 2028–2029-yillarda yana 4 ming MVtdan ortiq yangi quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 2029-yilga borib Qozog‘iston energetika tizimida 20 foizlik zaxira bilan barqaror elektr ortiqchaligi shakllanadi. Bu esa mamlakatning elektr energiyasi eksport qilish imkoniyatini ham oshiradi.
Umuman olganda, milliy loyiha doirasida 2029-yilgacha 7,3 GVt quvvatga ega yangi elektr ishlab chiqarish manbalari barpo etiladi. Loyihaning umumiy qiymati 6,2 trillion tengeni (13,1 milliard dollar) tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston inson taraqqiyoti bo‘yicha MDH va Markaziy Osiyoda yetakchiga aylangani haqida yozgan edik.





