Qozog‘iston 40 o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Olmaotada migratsiya rejimi buzilgani uchun 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida migratsiya qonunchiligini buzgan 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi. Bu haqda shahar politsiya departamenti rasman xabar berdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shaxslar Qozog‘iston hududida bo‘lish tartibini buzgan. Shu asosda ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan va mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, deportatsiya jarayonida barcha xavfsizlik talablariga rioya etilgan. Fuqarolar uchun maxsus avtobus yo‘nalishi tashkil etilgan va ular Qozog‘iston–O‘zbekiston davlat chegarasigacha kuzatib qo‘yilgan.
Olmaota shahar IIB migratsiya xizmati boshqarmasi boshlig‘i Yerkin Amantayevning bildirishicha, chet el fuqarolarining shaharda qonuniy bo‘lishi doimiy nazoratda.
«Biz migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlaymiz. Aniqlangan shaxslar qoidalarni buzgani sababli qonunga muvofiq mamlakatdan chiqarib yuborildi. Asosiy vazifamiz — jamoat tartibi va aholi xavfsizligini ta’minlash», dedi u.
Shuningdek, deportatsiya jarayoni har bir shaxsni hujjatlashtirish, qarorlarni rasmiylashtirish va chegaragacha xavfsiz yetkazib qo‘yish orqali amalga oshirilgani aytildi.
So‘nggi vaqtlarda Qozog‘istonda migratsiya nazorati kuchaytirilgani kuzatilmoqda. Mahalliy hokimiyat idoralari chet el fuqarolarining mamlakatda bo‘lish tartibiga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan reyd va tekshiruvlarni davom ettirmoqda.





