Qozog‘iston «LUKOIL»ni so‘rab, AQSHga xat yubordi
Qozog‘iston hukumati Rossiyaning «LUKOIL» kompaniyasiga tegishli neft va gaz aktivlarini sotib olish bo‘yicha harakatlarni boshladi.

Qozog‘iston AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasiga (OFAC) mamlakat hududidagi «LUKOIL» kompaniyasi ulushini sotib olish bo‘yicha rasmiy xat yo‘lladi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi.
OFAC'ga rasmiy murojaat
«Qozog‘istonda «LUKOIL» aktivlari sotilgan taqdirda, biz qonunchilik doirasida ushbu ulushni sotib olish bo‘yicha vorislik huquqimizni amalga oshirish imkoniyatiga egamiz. Energetika vazirligi OFAC'ga tegishli murojaat xati yubordi», — dedi vazir.
Akkenjenovning aniqlik kiritishicha, kompaniya ulushini sotib olish usullari turlicha bo‘lishi mumkin. Xususan, to‘lovni kechiktirish yoki xomashyo sotuvidan tushgan daromaddan foydalanish variantlari ham mavjud. Vazirlik «LUKOIL» aksiyalari paketini sotib olishning barcha qonuniy variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
Sanksiyalar va «LUKOIL»ning xalqaro aktivlari
2025 yil 27 oktabrda «LUKOIL» AQSH tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli o‘zining xalqaro aktivlarini sotishini e’lon qilgan. Kompaniya Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasida, G‘arbiy Afrika hamda Markaziy Amerikada neft va gaz qidirish hamda qazib olish bo‘yicha o‘nlab loyihalarni amalga oshiradi.





