add

Qozog‘istonda sun’iy intellektni tartibga soluvchi qonun kuchga kirdi

Bugun 11:55912

To‘qayev imzolagan yangi qonun dipfeyk yaratishni taqiqlaydi va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan barcha kontentni majburiy yorliqlashni belgilaydi.

Qozog‘istonda sun’iy intellektni tartibga soluvchi qonun kuchga kirdi

Qozog‘istonda sun’iy intellekt sohasini tartibga solish bo‘yicha tub o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan qonun imzolandi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan tasdiqlangan hujjat mamlakatda dipfeyk yaratish va tarqatish uchun javobgarlikni belgilaydi. Ta’kidlanishicha, qonun sun’iy intellektni huquqiy maydonda mustaqil subyekt emas, balki inson maqsadlariga xizmat qiluvchi vosita sifatida belgilab qo‘yadi.

Qonunga muvofiq, sun’iy intellekt mahsulotlarining egalari, foydalanuvchilari va ishlab chiqaruvchilari tizimlardan foydalanishdagi rollariga qarab javobgar hisoblanadi. Mulkdorlar xavflarni boshqarish, mahsulot xavfsizligini ta’minlash va texnologiyaning qonunlarga mos ishlashini nazorat qilishlari shart. Shu bilan birga, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan har qanday kontent albatta tegishli belgilar bilan yorliqlanishi lozim.

Qozog‘iston hududida insonni chalg‘ituvchi manipulyativ usullardan foydalanuvchi, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy yig‘uvchi yoki qayta ishlovchi sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish va qo‘llash qat’iy taqiqlandi. Mazkur norma axborot xavfsizligi va fuqarolar huquqlarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

Hujjatda, shuningdek, milliy sun’iy intellekt platformasini yaratish asoslari belgilab qo‘yilgan. Bu platforma mahalliy ishlanmalarni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va yangi texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilishi rejalashtirilgan.

Qozog‘iston SI va raqamli rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Munning ta’kidlashicha, qonun mamlakatda yangi texnologik me’yorlarni shakllantiradi.

Qonun bilan ta’minlanmagan raqamli aktivlar aylanishi ham tartibga solindi. Agar bugungacha bunday aktivlar faqat «Ostona» xalqaro moliya markazi hududida muomalada bo‘lishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, yangi hujjat ularning butun mamlakat bo‘ylab huquqiy asosda aylanishiga yo‘l ochadi. Shu bilan birga, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga berilgan rozilik muddatiga oid yangi talablar ham joriy etildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, mazkur qonun Qozog‘istonda sun’iy intellekt texnologiyalarini xavfsiz, shaffof va inson huquqlariga mos ravishda rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ishlarda manba ko‘rsatilmasa javobgarlik belgilaydigan qonun loyihasi Oliy Majlis Senati tomonidan 2025 yil 1-noyabr kuni ma’qullangan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘istonda sun’iy intellektni tartibga soluvchi qonun kuchga kirdi | Vaqt.uz