Qurollangan kishilar Putinning qiziga aloqador tashkilotni qidirib, Moskva gazetasi binosiga bostirib kirdi

Bugun 19:192 daqiqa

Ular Rossiya Prezidentining kenja qizi Katerina Tixonovaning tuzilmalariga aloqador bo‘lgan notijorat tashkilotni izlashgan.

Qurollangan kishilar Putinning qiziga aloqador tashkilotni qidirib, Moskva gazetasi binosiga bostirib kirdi

Moskvada niqoblangan va bolg‘alar bilan qurollangan shaxslar «Moskovskiy komsomolets» gazetasi binosiga bostirib kirdi. Ular Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qiziga aloqador bo‘lgan notijorat tashkilotini izlashgan. Bu haqda nashrning bosh moliyaviy direktori Yekaterina Chereshnikova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy kiyimdagi ushbu shaxslar 19-may kuni idoraga kirib kelgan, o‘zlarini tanishtirmagan va u yerda bo‘lishlari sababini tushuntirishdan bosh tortishgan.

Qurollangan shaxslar binoning uchinchi qavatiga ko‘tarilib, «Tibbiy texnologiyalar konsorsiumi» avtonom notijorat tashkiloti ijaraga olgan xonalarni qidirishgan. Bosqinchilar «Moskovskiy komsomolets» jurnalistlariga Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi, Rossiya Tergov qo‘mitasi yoki Federal xavfsizlik xizmatiga (FSB) murojaat qilishni buyurishgan. Biroq ushbu idoralarning hech biri o‘z xodimlari gazeta binosida tergov harakatlari olib borayotganini tasdiqlamadi.

«Agentstvo» mustaqil surishtiruv nashrining yozishicha, ushbu tashkilot 2020 yilda Rossiya Sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan koronavirus pandemiyasiga javoban tibbiy uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish maqsadida tuzilgan. Notijorat tashkilot tarkibiga 240 dan ortiq a’zo guruhlar, jumladan, mudofaa sanoati korxonalari kiradi. Konsorsium asoschilaridan biri Rossiyaning «Rostex» davlat mudofaa konglomerati tarkibiga kiruvchi «Shvabe» optika xoldingi hisoblanadi.

«T-Invariant» mustaqil ilmiy nashrining xabar berishicha, Tibbiy texnologiyalar konsorsiumi Vladimir Putinning kenja qizi Katerina Tixonovaning «Innopraktika» jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan «Innovatsion muhandislik markazi» kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan.

Avtonom notijorat tashkilot, Innovatsion muhandislik markazi va Sechenov universiteti Rossiya tibbiyot sanoatida texnologik yetakchilikka erishish uchun tibbiy-texnologik sanoat klasterini tashkil etgan. Klaster bo‘yicha kelishuv 2025 yilda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (SPIEF) imzolangan.

Ushbu tashkilotga ilgari Rossiya Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilgan, Radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik muhofaza harbiy akademiyasi hamda Moskva davlat universiteti bitiruvchisi, rossiyalik biolog va Rossiya fanlar akademiyasi professori Viktor Nazarov rahbarlik qilgan. Hozirda konsorsiumga ilgari «Rosmolodej» (Rossiya yoshlar ishlari bo‘yicha federal agentligi)da ishlagan Kirill Litvitskiy rahbarlik qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid