Ramazon oyida taroveh o‘qiladigan masjidlarga energetiklar ham biriktiriladi

18.02.2026 | 16:151 daqiqa

Ramazon oyi davomida taroveh namozlari o‘qiladigan ikki mingdan ortiq jome masjidlarga navbatchi energetiklar biriktirildi.

Ramazon oyida taroveh o‘qiladigan masjidlarga energetiklar ham biriktiriladi

Energetika vazirligida iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz va barqaror ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘ldi. Yig‘ilishda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, «O‘zenergoinspeksiya» hamda yoqilg‘i-energetika sohasidagi aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi. Asosiy e’tibor Ramazon oyida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Muhokamalar natijasida yoqilg‘i-energetika obyektlaridagi asosiy va yordamchi qurilmalarning ishonchli ishlashi nazoratga olindi. Aholi va ulgurji iste’molchilarga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi.

Ikki mingdan ortiq jome masjidlarning taqsimlash tarmoqlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan texnik kamchiliklar bartaraf etilgan. Taroveh namozlari davomida elektr uzilishlarining oldini olish maqsadida har bir masjidga bir nafardan navbatchi energetik xodim biriktirildi.

Qo‘shimcha quvvat manbai

Zarur holatlarda qo‘shimcha quvvat manbai sifatida dizel generatorlarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2547 nafar muhandis-texnik xodimdan iborat navbatchilik tizimi shakllantirildi.

Tezkor chora ko‘rish maqsadida 210 ta avariyaviy chiqish brigadasi tashkil etildi. Ular 250 ta avtomobil va maxsus texnika bilan ta’minlangan. Mazkur chora-tadbirlar Ramazon oyida ibodat maskanlarida elektr ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid