
Roskomnadzorga Rossiyada internetni to‘liq izolyatsiya qilish huquqi berilmoqda
2026-yil 1-martdan Roskomnadzor Runetni butunlay uzib qo‘yish, trafikni qayta yo‘naltirish va barcha saytlarni to‘sish huquqiga ega bo‘ladi.

Rossiya hukumati Roskomnadzorga (RKN) global internetdan Runetni to‘liq ajratish, saytlar faoliyatini cheklash va trafikni boshqarish bo‘yicha cheklanmagan vakolatlar berdi. «Umumiy foydalanishdagi aloqa tarmoqlarini markazlashtirilgan boshqarish qoidalari» 2026-yil 1-martdan kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, RKN internet faoliyatiga tahdid soladigan holatlarda — kiberhujumlar, texnik avariyalar, tashqi uzilishlar, muhim infratuzilmadagi muammolar yoki taqiqlangan kontent tarqalishi kabi vaziyatlarda provayderlarga majburiy buyruqlar berish, trafikni qayta yo‘naltirish, filtrlash, blokirovka qilish va zarurat bo‘lsa, Runetni izolyatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Tartib-qoidalarni amalga oshirish uchun aloqa operatorlari RKN bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘ladigan mas’ul xodim tayinlashi, shuningdek, tarmoq faoliyati haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta oladigan texnik imkoniyatlar yaratishi shart qilib belgilangan. Bu qaror RF raqamli rivojlanish vazirligi va FSB bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Siyosatshunos Ilya Grashchenkovning ta’kidlashicha, yangi tartiblar Rossiya internetini «boshqariladigan ekotizim»ga aylantiradi, bu yerda ochiqlik emas, xavfsizlik va davlat nazorati ustuvor bo‘ladi. Uning fikriga ko‘ra, Rossiya internetining fragmentatsiya qilinishi va global tarmoqdan uzilishi endi nazariy emas, balki real ssenariyga aylandi.
Rossiya hukumati 2022-yildan beri internet erkinligini cheklashni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Ilk bosqichda mustaqil OAV va xorijiy ijtimoiy tarmoqlar (Instagram, Facebook) bloklangan, keyinchalik messenjerlar (Signal, Viber, Discord) ham taqiqlangan edi. YouTube videohostingi sezilarli darajada sekinlashtirilgan, VPN xizmatlariga oid ma’lumot tarqatish va reklama qilish ham taqiqlangan.
2025-yil mayidan boshlab hukumat ayrim hududlarda mobil internetni o‘chirishni boshladi. Rasman bu dronlarga qarshi chora sifatida tushuntirilgan bo‘lsa-da, bu blokirovkalar hatto urush zonasida bo‘lmagan hududlarda ham amalga oshirilmoqda.
1-sentabrdan esa internetda «ekstremistik materiallar»ni qidirish uchun jarima solish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. VPNdan foydalanish esa jazoni og‘irlashtiradigan holat sifatida qayd etilmoqda.





