«Roskosmos» raketalarga reklama joylashtirishni boshladi

Bugun 17:282 daqiqa

To‘rt oy ichida «Roskosmos» davlat korporatsiyasi kosmik maqsaddagi raketalarga to‘rtta Rossiya brendi logotipini joylashtirdi. Bu sanksiyalar joriy etilganidan keyin xorijiy buyurtmachilar yo‘qotilgani bilan bog‘liq.

«Roskosmos» raketalarga reklama joylashtirishni boshladi © Foto: forbes.com

«Roskosmos» davlat korporatsiyasi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdan tushadigan daromadlar kamaygani fonida kosmik raketalarga reklama joylashtirishni boshladi. 2026-yil boshidan buyon uning raketalarida mudofaa banki PSB, «Kofemaniya» restoranlar tarmog‘i, «Russkaya mediagruppa» radioxoldingi va Rossiya olimpiya qo‘mitasi reklamasi joylashtirildi. Bu haqda 18-may, dushanba kuni «Roskosmos» vakiliga tayanib, «Vedomosti» gazetasi xabar berdi.
Korporatsiya vakilining aytishicha, yil boshidan beri Boykonur kosmodromidan jami to‘rtta raketa uchirilgan. «Roskosmos»ga bunday tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi qonun 1-yanvardan kuchga kirgan.

Reklama joylashtirish qiymati hukumat tasdiqlagan formula asosida hisoblanadi. Raketalardagi reklamadan yillik ehtimoliy daromad 205 million rublgacha, kosmik infratuzilma obyektlaridagi reklamadan esa 5 million rublgacha baholangan.
«Roskosmos» amalga oshirilgan reklamalardan aniq qancha mablag‘ ishlaganini ochiqlamagan. «Vedomosti» manbasi faqat reklama tushumlari davlat korporatsiyasining tijoriy daromadlarida juda kichik ulushni tashkil qilishini aytgan.

Sanksiyalar oqibatlari

«Roskosmos»ning moliyaviy qiyinchiliklari bevosita Ukrainadagi urush bilan bog‘liq. Sanksiyalar ostiga tushgach, korporatsiya xorijiy buyurtmachilardan ayrildi va bu 180 milliard rubl zararga olib keldi. Bu haqda avvalroq davlat korporatsiyasi rahbari o‘rinbosari Andrey Yelchaninov ma’lum qilgan edi.
2020–2024 yillar davomida «Roskosmos»ning umumiy sof zarari 114 milliard rubldan oshgan. 2025 yil uchun moliyaviy natijalar hali e’lon qilinmagan.

Rossiya kosmik sohasining tanazzuli

2025-yilda Rossiya atigi 17 ta kosmik uchirishni amalga oshirdi. Bu 1961-yildan buyon ikkinchi yil ketma-ket eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Aynan o‘sha yili Yuriy Gagarin inson tarixidagi birinchi kosmik parvozni amalga oshirgan va o‘sha yil 9 ta uchirish bo‘lgan edi.
Taqqoslash uchun: 1960-yillar o‘rtasida SSSR yiliga 40 tadan ortiq raketa uchirgan, 1970-yillar boshida bu ko‘rsatkich 80–86 taga yetgan, 1982 yilda esa rekord – 99 ta uchirish qayd etilgan.
2025-yilda uchirishlar soni bo‘yicha Rossiyaga Yangi Zellandiya yetib oldi – u ham 17 ta uchirishni amalga oshirgan. Shu davrda AQSH uchirishlar sonini 145 tadan 181 taga, Xitoy esa 68 tadan 91 taga oshirgan.

Teglar

Mavzuga oid

«Roskosmos» raketalarga reklama joylashtirishni boshladi | Vaqt.uz