add

Rossiya 2026 yilda xorijiy ishchilar kvotasini 20 foizga oshirmoqchi

29.10.2025 | 11:253322

Kvota asosan sanoat va yirik infratuzilma loyihalaridagi ishchilarga qaratilgan bo‘lib, 279 ming ish ruxsatnomasini qamrab oladi.

Rossiya 2026 yilda xorijiy ishchilar kvotasini 20 foizga oshirmoqchi

Rossiya Mehnat vazirligi 2026 yilda xorijdan keladigan malakali ishchilar sonini 20 foizga ko‘paytirishni taklif qildi — bu 279 mingta ish ruxsatnomasiga teng. Idora mazkur qaror loyihasini regulation.gov.ru portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kvotaning deyarli 92 foizi sanoat korxonalari va yirik infratuzilma loyihalari uchun malakali ishchilarga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi og‘ir mehnat sharoitida faoliyat yuritadigan yordamchi xodimlar, veterinar sanitarlar va hayvonlarga qarash sohasi xodimlariga ajratiladi.

2025 yilda Rossiya hukumati 234 mingta ruxsatnoma belgilagan bo‘lib, yilning birinchi yarmida bu kvotaning faqat to‘rtinchi qismi ishlatilgan. Bu holat so‘nggi yillarda Rossiya bozoriga bo‘lgan qiziqishning pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Masalan, 2016–2019 yillarda har yili 120–130 ming xorijlik ishchi kelgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu raqam 100–115 ming atrofida saqlanib qoldi.

Shu bilan birga, Rossiya hukumati 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosati konsepsiyasida kvotalash tizimini kengaytirishni strategik yo‘nalish sifatida belgilagan. Hujjatda mehnat bozoridagi ehtiyojlarni qondirish uchun «tashkiliy ishchi jalb etish» (orgnabor) tizimini qayta ishga tushirish rejalashtirilgan. Yangi loyihaga ko‘ra, bu mexanizm orqali har yili 1 milliondan ortiq xorijiy ishchi keltirish maqsad qilingan.

Ekspertlarning fikricha, bunday tizim yirik korxonalar uchun samarali bo‘lishi mumkin, biroq kichik va o‘rta biznes uchun bu talablar, ayniqsa, migrantlar uchun turar-joy qurish va nazorat choralari — qiyinchilik tug‘dirishi ehtimol. MDU professori Olga Chudinovskixning ta’kidlashicha, «bunday ortiqcha tartibga solish migratsiyani byurokratiya va korrupsiya xavflari bilan yuzlashtiradi».

Mehnat vazirligidan Ichki ishlar vazirligiga vakolatlarni o‘tkazish Rossiyada migratsiya siyosatining xavfsizlik tamoyillari asosida qayta shakllanayotganidan dalolat beradi.

Ammo iqtisodchilarning ta’kidlashicha, Rossiya mehnat bozori hali ham ishchi kuchiga muhtoj: Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil ikkinchi choragida bo‘sh ish o‘rinlari darajasi 8 foizni tashkil etdi — bu so‘nggi ikki yildagi rekord ko‘rsatkich.

Teglar

Mavzuga oid