Rossiya dron ishlab chiqarish uchun Xitoydan optik tola sotib olmoqda

26.02.2026 | 16:352 daqiqa

Rossiyaning Xitoydan optik tola xaridlari mamlakatdagi yagona zavod to‘xtatilganidan so‘ng keskin oshdi. Rossiyalik xaridorlar uchun mahsulot narxi 2,5–4 baravarga ko‘tarildi.

Rossiya dron ishlab chiqarish uchun Xitoydan optik tola sotib olmoqda © NURPHOTO VIA AFP

Rossiya 2025 yilda Xitoydan optik tola importini keskin oshirdi, ishlab chiqaruvchilar esa bu mahsulot narxini rossiyalik xaridorlar uchun 2,5–4 baravarga oshirgan. Bu haqda bugun, 26-fevral kuni «Vedomosti» xabar berdi.

Pekin pochta va telekommunikatsiyalar universiteti huzuridagi Optik-tola kabellari tadqiqot markazi tahlilchisi Chun Shen bahosiga ko‘ra, Rossiya o‘tgan yili mutlaq ko‘rsatkichda qariyb 60 mln kilometr optik tola iste’mol qilgan.

«ComNews Group» bosh direktori Leonid Konikning aytishicha, Rossiyada optik tolaning o‘z ishlab chiqarishi qolmagan. Saransk shahridagi yagona zavod «Optikovolokonnыye sistemы» 2025 yil aprel–may oylarida ukrain dronlari hujumlari ortidan to‘xtatilgan. Endi mamlakat to‘liq Xitoy yetkazib beruvchilariga bog‘liq bo‘lib qolgan, ular jahon ishlab chiqarishining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Optik tolaga bo‘lgan talabning keskin oshishi uning qimmatlashishiga olib keldi. Aloqa operatorlari kabellarida ishlatiladigan G.652D markali tola 2025 yil boshida bir kilometr uchun 16 yuan bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil yanvar oyida 40 yuanga yetgan.

Dronlar va data-markazlar

Talab oshishining asosiy sababi – harbiy qo‘llanish. 2025 yilda Rossiya va Ukraina FPV-dronlarni optik tola orqali boshqarishni faol joriy eta boshladi – bunday uchuvchisiz qurilmalarni aniqlash qiyin va radioelektron kurash vositalari bilan bostirib bo‘lmaydi. Qo‘shimcha talab manbai sifatida sun’iy intellekt vazifalari uchun data-markazlar egalari ham qayd etilgan.

2025 yil kuzida «The Washington Post» gazetasi Xitoy kompaniyalari rossiyalik dron ishlab chiqaruvchilariga litiy-ion batareyalar yetkazib berishni ham oshirganini xabar qilgan edi. Optik tolaning muqobil yetkazib beruvchilari bo‘lgan AQSH va Yaponiya sanksiyalar tufayli Rossiya uchun yopiq.

Teglar

Mavzuga oid