
Rossiya YouTube’ni to‘liq bloklashga tayyorlanmoqda
Rossiya Davlat dumasi vakili YouTube platformasi mamlakatda yarim yil yoki bir yil ichida to‘liq bloklanishini ochiq aytdi.

Rossiyada YouTube videohostingini to‘liq bloklash masalasi rasman kun tartibiga chiqdi. Davlat dumasining Axborot siyosati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Svinsovning aytishicha, servis Rossiya qonunchiligini bajarmayotgani sababli, yaqin 6–12 oy ichida butunlay yopilishi mumkin. U kontent yaratuvchilarni Rutube, «VK Video» va boshqa mahalliy platformalarga zudlik bilan o‘tishga chaqirdi.
YouTube’ning Rossiyadagi faoliyati bilan bog‘liq cheklovlar 2024 yil iyul oyi oxirida boshlangan edi. Ilk paytda «Roskomnadzor» bu holatni «Google»ning Rossiyada serverlarni yangilamagani bilan izohlagan. Keyinchalik esa rasmiylar sekinlashtirish davlat tashabbusi ekanini ochiq tan oldi. Dekabr oyiga kelib esa yirik mobil operatorlar orqali YouTube’da videolarni tomosha qilish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi.
Roskomnadzor YouTube’ni Rossiya qonunchiligini buzishda va mamlakatga «hurmatsizlik» qilishda ayblamoqda. Ayniqsa, platforma tomonidan 200 dan ortiq Rossiyaga yaqin kanallarni bloklagani asosiy da’volardan biri sifatida keltirilmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar Google bilan murosaga kelish ehtimoli amalda yo‘qligini bildirmoqda.
Shu paytgacha ayrim mintaqaviy internet-provayderlar orqali YouTube’ga kirish imkoniyati saqlanib qolgan edi. Biroq Roskomnadzor bu kanallarni ham bosqichma-bosqich yopib kelmoqda. Sankt-Peterburgda faoliyat yuritgan bir qator provayderlar servisga kirish cheklanishini o‘zlariga bog‘liq emasligini ma’lum qildi.
YouTube’ga qarshi choralar Rossiyada VPN xizmatlaridan foydalanishni keskin oshirdi. «Levada-Sentr» so‘roviga ko‘ra, 2025 yil mart oyida VPN ishlatuvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 36 foizga ko‘paygan. Bu esa davlatning raqamli makonni nazorat qilish siyosati jamiyatda teskari ta’sir ham uyg‘otayotganini ko‘rsatmoqda.





